Markaziy banki “Mustaqillikning 30 yilligi” hamda “Xalqlar do‘stligi” kuni mavzulariga bag‘ishlangan esdalik tangalari va suvenir to‘plamlari dizaynlariga tanlov e’lon qiladi.

Takliflar joriy yilning 1-apreligacha qabul qilinadi. Tanlov quyidagi shartlar va baholash asosida o‘tkaziladi:

  • ️dizayn “Mustaqillikning 30 yilligi” yoki “Xalqlar do‘stligi” mavzularidan birini qamrab olgan bo‘lishi;
  • muallif tomonidan chizilgan bo‘lishi va boshqa ijodkorlarning avvalgi ishlarini qaytarmasligi;
  • ️tanga yoki suvenir to‘plamlarning avers va revers ko‘rinishlaridan iborat bo‘lishi;
  • ️doira ichiga qalamda chizib yoki kompyuter grafikasidan (CorelDraw, PhotoShop va Illustrator dasturlari) foydalanib tayyorlanishi va tasvirlangan har bir element aniq ko‘rinishi lozim.

Вizaynlar muallifning aniq ismi, familiyasi, adresi, telefon raqami va elektron pochta manzilini ko‘rsatgan holda b.rakhmatkhujaev@cbu.uz elektron pochta manziliga yuborilishi yoki MB ga taqdim etilishi so‘raladi.

Taqdim etilgan dizaynlar Markaziy bankning ishchi guruhi (rassom, dizayner va boshqalar) tomonidan ko‘rib chiqiladi va tanlov yakuni bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Tanlov g‘oliblari joriy yilning 15 aprel kuni ma’lum qilinadi hamda ularga noutbuk (Apple Macbook Pro), planshet (Apple iPad Pro), smartfon (Apple iPhone 12 Pro) va boshqa qimmatbaho sovrinlar ajratiladi. G‘oliblarga sovrinlarni topshirish individual tarzda amalga oshiriladi.