Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “TUMO” kreativ texnologiyalar markazi bilan o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi. Bu haqida “O'zA” agentligi xabar beradi.
Markaz Yunusobod mashinasozlik kolleji bazasida tashkil etiladi. Unga ko’ra axborot texnologiyalari bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga har yili 1200 nafardan ortiq yoshlarni o‘qitib keyinchalik ularni ish bilan ta’minlashi kerak.
“TUMO” markazi kreativ texnologiyalar sohasida yoshlarni amaliy faoliyatga tayyorlaydigan innovasion ta’lim platformasi hisoblanadi.
Ixtisoslashgan kurslar, ma’ruza va tadbirlar talabalarga o‘z bilim va ko‘nikmalarini kundalik hayotda qo‘llash imkoniyatini beradi.
Markazning asosiy maqsadi — yoshlar dunyoqarashini kengaytirish, ularning IT sohasidagi ijodiy salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishdan iborat.
Ma’lumot uchun: 2011-yil Armaniston poytaxti Yerevanda asos solingan “TUMO” kreativ texnologiyalar markazi o‘tgan yillar mobaynida Parij, Bayrut, Moskva, Tirana va Berlin kabi poytaxt shaharlarda ham tashkil etildi.
Markazda yoshlar bugungi global mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan grafik dizayn, 3D modellashtirish, dasturlash, robot texnikalari, veb-dasturlash, kino ishlab chiqarish singari 14 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘qitiladi.
2016-yil “TUMO” Silikon vodiysidagi “AltSchool”, Tokiodagi “Kindergarten” va Niderlandiyadagi “Steve Jobs School” maktablarini ortda qoldirib, “We demain” fransuz jurnali tomonidan tuzilgan dunyoning innovasion maktablari reytingida yetakchilikni qo‘lga kiritdi.
2018-yil markaz Hindistonda bo‘lib o‘tgan Axborot texnologiyalari butunjahon kongressining “Implementation of the Digital Centory” (Raqamli yuz yillikni joriy etish), 2019 yil esa ta’lim, o‘qitish va ommalashtirish sohasida “Europa Nostra Award” mukofotlariga sazovor bo‘lgan.