Koronavirus pandemiyasi tufayli avval joriy etilgan sayyohlarning kirib kelishidagi cheklovlarni atigi beshta davlat butunlay olib tashladi. Bu haqda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti 8 mart kuni o‘z saytida ma’lum qildi.
Sayyohlar uchun ochiq bo‘lgan davlatlar orasida Albaniya, Dominikan Respublikasi, Kosta-Rika, Shimoliy Makedoniya va Tanzaniya bor. Ular sayyohlik yo‘nalishi umumiy sonining atigi 2 foizini tashkil etadi, deya ta’kidlaydi tashkilot.
Shu bilan birga, har uchinchi mamlakat, ya’ni umumiy hisobda 69 ta davlat sayohatchilar uchun butunlay yopiqligicha qolmoqda.
Ularning aksariyati Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, yana 15 tasi Yevropada, 10 tasi Amerikada, 10 tasi Afrikada va uchtasi Yaqin Sharqda joylashgan. Sayyohlar kirishiga qisman cheklovlar turistik yo‘nalishlarning yana 34 foizida saqlanib qolmoqda.