Aeroport, temir yo‘l vokzali yoxud chegara punkti hududida koronavirus infeksiyasiga antigen ekspress test olish tartibi bekor qilinadi. Bu haqida Sog’liqni saqlash vazirligi xabar beradi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan, O‘zbekistonga havo, temir yo‘l transporti hamda chegara punktlari orqali tashrif buyurayotgan barcha shaxslardan o‘z hisobidan aeroport, temir yo‘l vokzali yoxud chegara punkti hududida koronavirus infeksiyasiga antigen ekspress test olish tartibi 2021-yilning 15-martidan boshlab bekor qilinadi.

Endilikda, yangi tartib bo‘yicha:

  • ️havo va temir yo‘l qatnovlari orqali tashrif buyurayotgan shaxslar O‘zbekistonga kelish uchun havo yoki temir yo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan ma’lumotnomani taqdim etishi talab etiladi;
  • ️avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali kelganda so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga PZR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan ma’lumotnomani taqdim etilganda yoki PZR natijasi bo‘lmagan hollarda chegara o‘tkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi.

Bunda koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari natijalari ingliz yoki rus tillarida bo‘lishi talab etiladi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan:

2021-yilning 25 martidan boshlab xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga keluvchilardan talabga javob beruvchi PZR tekshiruvlari ma’lumotnomalari bilan havo yoki temir yo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tkaziladi yoxud avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali mamlakatga kirgiziladi.