DEPOZIT -naqd va naqdsiz, milliy va xorijiy valyutada bankka qoʻyilgan omonatlar. Bunday depozitlarning muddatli va talab qilib olinadigan turlari bor. Kredit muassasasi omonatchiga Depozitni olish huquqini beruvchi hamda mazkur pul mablagʻining bankka deponent qilinganini tasdiqlovchi yozma guvohnoma — Depozit sertifikati beradi.

Bankda depozit ochish uchun nima qilish kerak

  • Mijoz shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan depozit ochishga shu kunning o‘zida ariza beradi;
  • Depozit shartnoma (2 nusxada), depozit daftarchasi, shaxsiy hisobvaraq varaqchasi va chiqim orderlari shu kunning o‘zida rasmiylashtiriladi;
  • Barcha hujjatlar tayyor bo‘lgach, 8−10 daqiqa depozit ochiladi.

Hozirda TBC bank, Asaka bank, Agrobank o’zining mobil ilovalari orqali bank depozitlarini ochishni taklif qiladi.

Joriy yilning fevral oyi bo’yicha Spot banklardagi eng daromadli omonatlar haqida ma’lumot to’plagan edi. Unga ko’ra eng daromadli omonat turi 20 foiz bilan “Turonbank”da aniqlandi. Kunlik foiz hisoblaydigan depozit tariflarini esa “Turkiston bank” mijozlarga taqdim etdi.

Depozitlar sarmoya orttirish vositalaridan biri hisoblanadi. Spot ulardan foydalanish bo’yicha mutaxassis fikrini bildi.


Shodlik Nazarov,

Avesta Investment Group tahlilchisi

Bank depozitiga pul qo’yish investitsiyaning eng ko’p tarqalgan, sodda va xavfsiz shakllaridan biridir va ko’pchilik investorlar uchun mos keladi. Ushbu turdagi investitsiyalar boshqa investitsiyalardan nisbatan past tavakkalchilik bilan, shuningdek, nisbatan pastroq rentabellik bilan ajralib turadi.

Har bir investor o’zining shaxsiy tavakkalga moyilligi asosida sarmoya kiritadi. Bank depozitlari haqida gap ketganda, bu odatda yaxshi moliyaviy vositadir va agar siz boshqa imkoniyatlarni o’rganish, kuzatib borish uchun vaqt sarflashni xohlamasangiz yoki sarflay olmasangiz, omonatga sarmoya kiritish siz uchun eng maqbul variant bo’ladi.

Agar siz ko’proq xavfli imkoniyatlarni o’rganish va monitoring qilish uchun vaqt sarflashga tayyor bo’lsangiz, unda fond bozoriga sarmoya kiritish rentabellik nuqtai nazaridan siz uchun yanada jozibali bo’lishi mumkin.

Ammo biz xatarlar haqida unutmasligimiz kerak — bank depozitlari to’liq davlat tomonidan kafolatlangan O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qattiq nazorat qilinadi, fond bozorida siz investitsiyalaringizning katta qismini yo’qotishingiz mumkin.

Qimmatli qog’ozlar bozoriga sarmoya kiritishdan oldin, sotib olmoqchi bo’lgan kompaniyalarning so’nggi bir necha yil ichida moliyaviy-iqtisodiy ko’rsatkichlarini tahlil qilish va kompaniyaning kelgusi yillardagi rejalarini o’rganish orqali taklif qilingan aksiyalarni diqqat bilan o’rganish kerak.

Har qanday holatda ham, risklarni diversifikatsiyalashni unutmaslik kerak va har doim mablag’larning bir qismini depozitlarda saqlash maqbul, ayniqsa, hozirgi vaqtda mahalliy banklar ofislarda ham, mobil ilovalar orqali ham jozibador stavkalarni taklif qilmoqdalar, bu orqali siz likvidlikni kam xarajatlar bilan boshqarishingiz mumkin.

Muzaffar Roziqov,

KAPDEPO investitsion kompaniyasi tahlilchisi

Bank depozitlariga sarmoya kiritishning ijobiy tomonlari anchagina. Birinchidan, agar bankning moliyaviy ko’rsatgichlari yuqori bo’lsa, deponent sifatida oylik foizlarni olishda muammoga duch kelmaysiz. Bunda yagona interaktiv ma’lumotlar korporativ sayti orqali (openinfo.uz) bankning ustavi, chiqargan aksiya, obligatsiyalari, emissiyaviy hujjatlari bilan tanishib bilishingiz mumkin.

Aksiya va obligatsiyaga qaraganda depozitlarning sarmoyaviy muddati qisqa bo’ladi. Lekin shunga qaramasdan daromadga salbiy ta’sir qiluvchi inflyatsiya foizi va qayta moliyalash stavkasi ham mavjud.

Agar depozitga qo’ygan summa katta miqdorda bo’lsa, keladigan foizdan oylik harajatlar va boshqa to’lovlarni amalga oshirish mumkin. Ba’zi banklarda ishlangan foizlarni qayta kapitalizatsiya qilish imkoni ham mavjud.

Xulosa qilib aytganda, depozitlar milliy yoki xorijiy valyutada bo’lishidan qat’iy nazar uzoq muddatga mo’ljallangan daromad bera olmaydi. Misol uchun $1000 ni bank depozitiga qo’yib 5%lik yillik daromad bilan 1 yilda $1049.32 qaytarish olishimiz mumkin. Qimmatli qog’ozlar bozorida esa kerakli korxonalarni tanlab investitsiya kiritsangiz shu muddatda foyda 42% ga ko’tarilishi mumkin.***

*** Kapdepo kompaniyasining 2021-yildagi investitsiya portfeliga iqtibos qilindi.