UzAuto va Quantum Business Advisory (Hindiston) kompaniyalari Toshkent shahrida xalqaro qo‘shma IT-kompaniyasini tuzish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladilar. Bu haqida “O'zavtosanoat” rasmiy telegram kanalida xabar beriladi.

UzAuto nomidan “Avtosanoat Invest” MCHJ va Quantum Business Advisory Private Ltd. hamkorlik va O‘zbekistonning mahalliy sanoatiga barcha turdagi IT-yechimlar va xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha qo‘shma korxona yaratish hamda mahalliy IT-kadrlar va ularning biznes jarayonlarini rivojlantirishga uzoq muddatli investitsiyalar kiritish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Bundan tashqari, “QBA IT” tomonidan xalqaro qo‘shma IT-kompaniyasiga soha bo‘yicha mutaxassislar (Subject Matter Experts) va boshqa texnik ekspertlarni taqdim etishi sohada mahalliy, raqobatbardosh mutaxassislarning keng qatlamini yaratish imkoniyatini ochadi.

“Biz O‘zbekiston sanoatining raqamli transformatsiyasida ishtirok etish, mamlakatda mahalliy IT-ekspertiza va sohalarni qo‘llab-quvvatlashda o‘zimizning boy global tajribamiz va kuchli IT-manbalar jamoasi bilan bo‘lishishdan mamnunmiz”, deydi QBA raisi va boshqaruvchi direktori janob Saurab Rateriya.

Ma’lumot uchun “QBA IT” IT-kompaniyasining asosiy faoliyati o‘zbek kompaniyalarining raqamli transformatsiyadagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan SAP, Microsoft, Oracle va boshqa shu kabi platformalar asosida IT-yechimlarni tatbiq etish va integratsiyalashdan iborat bo‘ladi.

Kompaniya tomonidan, shuningdek, IT-dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha, xususan: dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, axborot texnologiyalari sohasida maslahat xizmatlari, kompyuter uskunalarini boshqarish, o‘qitish va boshqa xizmatlar ko‘rsatadi.