2020-yilning 18-aprelidan boshlab Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan E-imzo olish masofaviy tarzda amalga oshirib kelinmoqda. Elektron imzo olish tartibi haqida Spot ma’lumot tayyorladi.

Davlat xizmatidan foydalanish uchun Ro‘yxatga o‘tish markazining rasmiy saytiga https://e-imzo.uz/ havola orqali o‘tish kerak bo‘ladi. Mazkur imkoniyat yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektron so‘rovnomani to‘ldirish bilan boshlanadi.

Agar kompyuterda e-imzo dasturi o‘rnatilmagan bo‘lsa, uni rasmiy saytdan (http://dls.yt.uz/E-IMZO-v3.41.zip) yuklab oling.

Dastlab rasmiy saytning bosh sahifasida “ERI kalitini olish” tugmasini bosib, arizani to‘ldirish qadamlariga o‘tiladi. Bu yerda yuridik yoki jismoniy shaxs tanlanadi va STIR ma’lumotlari bilan mobil telefon raqami kiritiladi.

Mobil telefon raqami ERI yopiq kaliti egasini nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart.

Mobil telefon raqamini tasdiqlash uchun SMS xabar orqali sonli kod yuboriladi. Ushbu kodni kiritib, telefon raqamini tasdiqlang.

So‘ngra ekranda boshqa oyna paydo bo‘ladi. Bu qadamda ERI yopiq kaliti, uning paroli yaratiladi. Shu bilan birga so‘rovnomaga murojaat etuvchining pasport nusxasi hamda pasportning asosiy sahifasi bilan birgalikda selfi usulida olingan foto nusxasi ilova qilinadi.

2-Qadam:
Ilova qilinayotgan fotosurat nusxada murojaatchi yuz qiyofasi “anfas” shaklda va tiniq ko‘ringan hamda pasportning asosiy sahifasi barcha simvollari o‘qib bo‘ladigan sifatda bo‘lishi shart. Foto hajmi 5 MB dan oshmasligi lozim.

Barcha kataklar to‘ldirilgandan so‘ng, “ERI kalitni yaratish va davom etish” tugmasi bosiladi. Formada kiritilgan parolni esda saqlang.

Endi axborot tizimi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar asosida elektron so‘rovnoma shakllantiriladi. So‘rovnoma bilan tanishib chiqib, “So‘rovni yuborish” tugmasi bosiladi.

3-Qadam

Yuborilgan so‘rovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan kelib tushgan paytdan 1 ish kun muddatda ko‘rib chiqiladi. Yuborilgan arizani holatini e-imzo.uz saytidagi “Arizani topish” bo‘limida ko‘rish mumkin.

Agar ko‘rib chiqish natijasi ijobiy bo‘lsa, u holda murojaat etuvchiga SMS xabar keladi. Shundan so‘ng, “Arizani topish” bo‘limiga o‘tib, ERI serifikatini ko‘rishi va tasdiqlashi mumkin bo‘ladi. Arizani ko‘rib chiqish asoslantirilgan sabablarga ko‘ra rad etilishi mumkin.

4-Qadam

Ariza qabul qilinsa javob xati keladi va “Tasdiqlash” tugmasini bosganingizdan so‘ng, siz ERI kaliti va sertifikatiga ega bo‘lasiz va barcha elektron xizmatlarda foydalanishingiz mumkin.

Izoh: Davlat xizmati uchun yig‘im jismoniy shaxslar uchun eng kam ish xaqining 7% va yuridik shaxslar uchun 10% ni tashkil etadi. To‘lovni ixtiyoriy to‘lov tizimi orqali va elektron so‘rovnoma yuborishdan avval amalga oshirish mumkin.

Oldin Spot, STIR va INPS olish haqida ma’lumot bergan edi.