Spot “Shaxsiy tajriba” rukni ostida Yevropa va dunyoning boshqa mintaqalarida yashab tahsil olayotganlar O’zbekistonlik talabalar bilan suhbat uyushtirib ular bergan maslahat va tajribalari bilan bo’lishadi. Dastlabki qahramon AQSHning Kaliforniya Shtatida joylashgan San-Francisco universiteti magistratura bosqichida talabasi Xumoyun Axmadov.

Amerikada o’qish fikri qachon paydo bo’ldi

JIDUda talaba bo’lgan yillarim, ikki marotoba talabalar almashinuvi (International Student Exchange Program) dasturlarida g’olib bo’lib, Janubiy Koreyaning Ajou Universiteti va Yaponiyaning Nagoya universitetida ta’lim olib qaytdim.

Osiyoning ikki rivojlangan davlatlarida o’qib u yerdagi Amerikalik talabalarning ta’limda yuqori natijalarga erishganliklari Magistratura bosqichini AQSHda davom ettirishga undadi.

Shundan so’ng, yo’nalishim bo’yicha Amerikaning universitetlari ro’yxatini yaxshilab tuzib chiqdim. Ularning aksariyatida yuqori baholar talab etilganligi bois, doim reytingni tushirmaslikka harakat qilar edim.

Foto: Shaxsiy arxivdan

Universitet tanlashda nimaga ko’proq ahamiyat berish kerak

Dastlab tanlayotgan universitetning professor va o’qituvchilar jamoasi naqadar saviyali ekanligiga va universitetning talabalar uchun yaratib bergan imkoniyatlariga, so’ngra albatta uning reytingiga qarash kerak deb o’ylayman.

www.usfca.edu

Chunki reytingni ta’minlab beruvchi asosiy omil bu ta’lim beruvchilar bilim darajasidir. Shu bilan birga, tanlovingizga ishonch hosil qilish uchun universitetlar ro’yxatini tuzib, ularni taqqoslab chiqing.Shunda sizga aynan qaysi universitet kerakligini bilib olasiz.

Esseni yozishdagi muhim jihatlar

Albatta, har bir universitetning o’ziga yarasha talablari bor. Umumiy qilib aytadigan bo’lsam, bizda ko’p talabalar yo’l qo’yadigan narsa bu faqatgina topshirayotgan universitet ularga nima bera olishi to’g’risida yozishdir.

Bir narsani yodda tutish kerakki, universitet qabul komissiyasi ushbu universitet nima bera olishi to’grisida barcha narsalarni hatto siz bilmaydigan jihatlarnida biladi. Ularning hujjat topshiruvchilardan kutadigan javobi ushbu talaba universitetga nima bera olishidir.

Ya’ni talab o’zining favqulotda xususiyatlarini va u yerdagi talabalar atmosferasiga qanday qilib bir o’zgarish yoki rivojlanish kirita olishidadir. Ya’ni nega aynan sizni tanlashi kerakligini esseda yozib, ularni ishontira olishingizdir.

Tavsiyanomani kimdan olgan ma’qul

Tavsiyanomani (recommendation letter) eng avvalo sizni yaqindan bilgan, o’qishga bo’lgan qiziqishlaringizdan yoki ishlagan joyingizda sizni yaqindan kuzatib borgan va albatta, sizga rahbarlik qilgan shaxslardan olishingiz maqsadga muvofiq.

Ammo, bir narsani aytib o’tishim kerak, yuqori reytingda turuvchi universitetlar tavsiyanomaga juda yuqori qiziqish bilan qarashadi, ya’ni bu tavsiyanoma berayotgan odamning ham faoliyati va darajasi qanchalik yuqori ekanligi ham katta ahamiyatga ega.

www.usfca.edu

Nufuzli universitetlar 3 tadan ko’proq tavsiyanoma so’rashadi. Albatta talabadan ish malakasiga ega bo’lishi talab qilinadi. Bunda ierarxiyani shunday qo’yish kerak.

Birinchisi, siz tanlagan diplom rahbari (supervisor). Bu sizning ilmiy jihatdan sizni yaqin kuzatib borgan insondan olgan tavsiyanomangiz.

Ikkinchisi, ish faoliyatingizda sizga rahbarlik qilgan yoki birga ishlagan inson. (Rahbardan olish maqsadga muvofiq)

Uchinchisi, sizning yaqin do’stingiz ham bo’lishi mumkin yoki sizga boshqalardan ajralib turadigan hislatlaringizni biladigan inson bo’lishi mumkin.

Ammo, yuqori reytingga ega universitetlar uchun yuqori martabali insonlardan olishingiz sizni qolgan talabalar ichida ko’proq ahamiyatli qila oladi. Lekin, u inson bilan sizning o’qish yoki ish faoliyati orqali bog’liqligingiz bo’lishi kerak.

Universitetga hujjat topshirish jarayoni

Hujjatlar to’laligicha onlayn shaklda topshiriladi. Talabadan ilk so’raladigan hujjatlardan biri u chet ellik bo’lsa, til sertifikati ya’ni IELTS yoki TOEFL. Reyting yuqori universitetlar uchun IELTS dan 7 balldan yuqori, TOEFL dan esa 94 dan yuqori bo’lishi kerak.

Foto:Shaxsiy arxivdan

Ammo bu sertifikat birinchi darajali emas. Muhim talabnoma bu — GPA ya’ni talabaning bakalavr darajasi davomida olgan baholarining o’rtacha yig’indisi. U qanchalik yuqori (3,5−4) bo’lsa o’qishga kirishning imkoni ham shuncha yuqorida bo’ladi.

Universitet reytingining o’rni oladigan bilimingizning yuqori sifatda bo’lishini va ishga hujjat topshirish vaqtida sizning imkoniyatlaringiz qolganlarga qaraganda ko’proq bo’lishini kafolatlaydi. Kerakli hujjatlar:

  • IELTS yoki TOEFL sertifikati;
  • Statement of purpose; (Maqsadingizni ifodalab berishingiz kerak bo’lgan hujjat)
  • Recommendation Letter; (Tavsiyanoma)
  • GPA transcript, (Bakalavrda olingan baholar reytingi)
  • GRE yoki GMAT (Oliy matematika va menejment boshqaruvi bo’yicha sertificat)

Shuningdek, qo’shimcha ravishda xalqaro va mahalliy konferensiyalar sertifikatlarini ham jo’natishingiz mumkin. Bu sizning qanchalik faol inson ekanligingizni, faqat ilmiy jihatdan emas, balki har taraflama rivojlangan ekanligingizni ko’rsatadi. Bu o’rinda sport, madaniy va boshqa sohadagi sertifikatlar ham bo’ladi, barchasi ahamiyatga ega.

Stanforddagi tajriba

Stanford bu bir o’zga olam. Universitetning o’zi bir alohida shahar bo’lib, Palo Altoda joylashgan. Yashaydigan joyimdan 30−40 daqiqalik masofa. Bu universitet uchun butun bir shahar barpo etilgan. Innovatsiyalar shaharchasi, Silikon vodiysining rivojlangan shaharlaridan biri.

Foto: Shaxsiy arxivdan

U yerda men Stanford Universitetining yozgi dasturida qatnashdim. Undan tashqari bu universitetning nufuzli onlayn kurslarini a’lo darajada o’qishga muvaffaq bo’ldim.

Stanford universitetining o’zi xosligi, bu talabalarining IQ darajasi o’ta yuqori ekanligida, yaratuvchanlik qobiliyatlarga ega ekanligi va albatta o’qish jarayonida o’y-hayoli faqat o’qish bilan band ekanligida.

Har bir talaba o’zi uchun belgilangan maxsus loyiha ustida ishlab o’z o’qituvchilariga loyihaning ahamiyatini o’rgata oladigan darajada tirishqoqdir. Muhimi, ularni hech kim o’qi deb majburlamaydi. Kelajakda PhD darajasini olish niyatim paydo bo’lsa albatta buni, Stanfordda qilishga ahd qilganman.

Viza

Bu jarayon eng qiyini. Chunki, hamma narsa tayyor, o’qishga kirgansiz, grant yutgansiz ammo visa olish kafolatlanmagan. Ammo, men o’z strategiyamni ishlab chiqqanman, ya’ni ish joyimdan kafolat xati olganman.

Bu degani men qolib ketish niyatida emas o’qib va malakamni oshirib O’zbekistonga qaytib kelib o’z ish joyimda faliyatimni davom ettirishimni ko’rsatadigan hujjat taqdim qildim.

Foto:Shaxsiy arxivdan

Viza berish jarayonida konsullardan talab qilinadigan narsa bu talabalarning AQSHda qolib ketishi mumkin bo’lgan qismi bilan qaytadigan qismini ajrata olish. Bunda rasmiy hujjatlar o’z so’zini aytadi. Ular ham sizni Vataningizga qaytishingiz tarafdori.

Xulosa

Agar Amerikada o’qishni reja qilayotganlar bo’lsa eng birinchi navbatda bakalavr vaqtida olgan baholar yuqori bo’lishini kafatlashlari kerak.

Bundan tashqari, ish malakasiga ega bo’lish ham ancha yordam beradi. Bilim va tajriba muhim o’qinda. Qolgan talablarni bajarish uzoq vaqt davomiyligini talab etmaydi.

Yana bir maslahat bergan bo’lardim, albatta xalqaro konferensiyalarga qatnashib sertifikatlarga ega bo’ling. Natijalaringiz orqali ular sizning nimalarga qodirligingizni tezda anglay olishadi.