Prezident Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Cluster” klasteri tomonidan bunyod etilgan sholini qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqida Qishloq xo’jaligi vazirligi rasmiy saytida xabar beriladi.

“TST Rice” korxonasi sholi yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash bo‘yicha to‘liq sanoat zanjiri yaratilgan. O‘tgan yili 2,6 ming gektardan ortiq yerda “Lazurniy”, “Iskandar”, “Mustaqillik”, “Nukus” navlaridan mo‘l hosil yetishtirilgan.

“Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida ish yuritayotgan sholichilik klasterida joriy yilda hosildorlikni 60 sentnerdan oshirish, xorijga $100 ming miqdorida guruch eksport qilish rejalashtirilgan.

“TST Rice” korxonasida 365 nafar, umuman, klasterda 8 ming 750 nafar aholi ishlamoqda.

Asosiy e’tibor eksportni ko‘paytirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirishga qaratilmoqda.

Xususan, kelgusi yili guruch eksportini 500 ming AQSH dollariga yetkazish mo‘ljallangan. Bundan tashqari, “TST Sluster” klasterining 2021−2023 yillarga mo‘ljallangan to‘rt bosqichli loyihasi doirasida 114 million dollarlik tayyor to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.