Markaziy bank gender tengligi bo‘yicha Harakatlar rejasini ishga tushirmoqda. Bu haqda regulyatorning telegramdagi kanalida xabar beriladi.

Markaziy bank, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan hamkorlikda 2021−2023 yillarga mo‘ljallangan moliya tizimi va tadbirkorlikda gender inklyuzivligini oshirish masalalari bo‘yicha Harakatlar rejasini ishlab chiqdi.

Hujjatda Moliyaviy inklyuzivlikni oshirish agentligi (AFI) tarmog‘i Denarau (DAP) Harakatlar rejasiga mos keluvchi, ayollarning moliyaviy xizmatlardan foydalanishini oshirishga qaratilgan 9 ta asosiy tashabbus bayon etilgan (Markaziy bank ushbu tashkilotga 2018 yilda a’zo bo‘lgan).

Harakatlar rejasiga Markaziy bank tomonidan ilgari surilgan quyidagi tashabbuslar ham kiritildi:

  • ayollar tadbirkorligining tarmog‘ini rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • ️o‘z biznesini boshlayotgan ayollar uchun qisqa muddatli biznes va moliyaviy ta’lim dasturlarini amalga oshirish;
  • ️yetakchilikni shakllantirish va gender turfa xilligi bo‘yicha ta’lim berish orqali Markaziy bankning o‘zida ham gender xilma-xilligini ilgari surish.

Shuningdek, Harakatlar rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar:

  • ️tadbirkor ayollarning turli moliyaviy ehtiyojlarini qanoatlantiruvchi xizmatlar va mahsulotlarning tijorat banklari va boshqa moliya institutlari tomonidan joriy etilishini rag‘batlantirish uchun samarali va amaliyotga tayangan siyosatni ishlab chiqishga zamin yaratadi;
  • ishtirok etuvchi barcha muassasalar tomonidan gender tengligi asosida moliyalashtirish masalalari bo‘yicha samarali tarzda maqsadlarni belgilash, natijalarini monitoring va tahlil qilish yuzasidan mexanizmlar joriy etilishida ko‘maklashishga xizmat qiladi.

Avvalroq Spot, Markaziy bank Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga atab esdalik tangalarini sotuvga chiqarganligi haqida ma’lumot bergan edi.