Sanoat inqilobi tushunchasi, dastlabki bosqichda, ishlab chiqarishda qo’l mehnati o’rnini mashinalar egallash jarayonini anglatgan va Buyuk Britaniyada XVIII asrda to’qimachilik sohasidagi o’zgarishlardan boshlangan.
Gazlamaga bo’lgan yuqori talabni qondirish zarurati tufayli to’quv dastgohining hamda uni harakatlantirish maqsadida bug' energiyasinining kashf etilishi bilan boshlangan birinchi sanoat inqilobi fabrikalarda mashinalar yordamida mashinalar ishlab chiqarishning yo’lga qo’yilishi bilan tugallanadi.
Ushbu davrdan boshlab insoniyat ilmiy-texnikaviy taraqqiyotiga asos bo’lib kelayotgan ikkinchi va uchinchi sanoat inqiloblarini amalga oshirdi. Har bir davr o’ziga xos xususiyatlar, ijobiy va salbiy oqibatlari xalqlar va davlatlar taqdiriga ta’sir ko’rsatdi.
“Taraqqiyot poyezdi” vagonlarida vaqtida chiqib olgan davlatlar yuksak rivojlanish ko’rsatgichlariga erishgan bo’lsalar, ayrim millatlar ortda qoldilar. Bugungi kunda tahlilchilar o’z ilmiy ishlarida to’rtinchi sanoat inqilobi boshlanayotgani borasidagi fikrlarini ilgari surmoqdalar. Shunday ekan, navbatdagi inqilob nimasi bilan xarakterlanadi? Spot mutaxassis bilan suhbat qurdi.
Biznes boshqaruvi innovatsion tizimi va texnologiyalari yo’nalishi magistranti,
To’rtinchi sanoat inqilobi qachon paydo bo’ldi
Inqilobiy o’zgarishlar, birinchidan, texnologiya sohasida namoyon bo’ldi. Nanotexnologiyalar, sun’iy aql, ijtimoiy tarmoqlar va yashil energiya manbalarining ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish va kundalik hayotga tobora kirib borishi insonning turmush tarzini yangilay boshladi.
Dunyoda kompaniyalarning sun’iy aql texnologiyalariga bo’lgan talabi 72 foizga o’sdi va shu ularni axborot texnologiyalari, marketing, moliya va buxgalteriya kabi sohalarda eng yirik hajmlarda joriy etildi.
Ikkinchidan, amaldagi jahon tartibotidagi siljishlar natijasida xalqaro munosabatlar va savdo Atlantika okeanidan Tinch okeaniga ko’chib o’tdi. Iqtisodiy va sisosiy masalalardagi qarorlarda Pekinning roli sezilarli darajada oshdi. Bunga Xitoydagi texnologik kashfiyotlarning xarakteri o’zgarishi o’z ta’sirini ko’rsatdi.
XXI asrning dastlabki o’n yilligigacha, asosan G’arb davlatlaridan texnologiyalarni ko’chirib oluvchi Xitoy kompaniyalari endilik o’zlarining tadqiqot qobiliyatlarini rivojlantirib oldilar. Kichik bir namuna Huawei korporatsiyasi 5G internet bozorining 33 foizdan yoki uchdan bir qismidan ko’prog’ini egallaydi va innovatsiyalar bo’yicha yetakchilik qiladi.
Uchinchidan, avlodlar psixologiyasi va xulqida “Millennial"lardan tubdan farqlanuvchi “Zoomer"lar qatlami yetishib chiqdi. Yangi avlodning asosiy chegaralab beruvchi omil aynan internetning turmush tarziga kirib kelganligi.
1996−1997-yildan keyingi tug’ilganlar uchun internet avvalgi dunyoni turlicha tasavvur qiladilar. To’rtinchi sanoat inqilobi amalga oshayotgan davrga kelib esa bu yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqdalar.
Umumiy jihatdan olsak, sanoat inqilobi nafaqat iqtisodga, balki inson xulqi va xalqaro siyosiy jarayonlarga ham bevosita yoki bilvosita ta’sir ko’rsatmoqda.
Yangi davrda O’zbekistonning imkoniyatlari
O’zbekiston Respublikasi statistika qo’mitasining 2020-yil borasida bergan ma’lumotiga ko’ra yoshlar ulushi aholining demografik taqsimotida ustunlikka ega hamda kelajakda ham o’sib borishi kutilyabdi.
To’rtinchi sanoat inqilobi shakllantirgan omillardan biri aynan “Zoomer"lar deb nomlanuvchi yosh qatlami ekan, ular iqtisodiyotga yangilik olib kirishda asosiy rolni bajarib berishlari mumkin.
Dastavval, ushbu avlod o’zining texnologiya va texnikaga bo’lgan qiziqishi va ixtirolar bilan oson muomala qila olishi bilan o’zidan katta yoshdagilardan ajralib turadi.
Ikkinchidan esa, ular o’zlari ishlab chiqarishi mumkin bo’lgan innovatsiyaning faol iste’molchilaridir ham. Shunday sharoitda, davlat oldida ta’lim tizimini to’g’ri yo’naltirish va ishlab chiqaruvchi va iste’molchiga aylanuvchi yangli qatlab guruhlari orasidagi iqtisodiy qoidalarni adolatli belgilash vazifasi qoladi, xolos.
Navbatdagi imkoniyat beruvchi omil sifatida, To’rtinchi sanoat inqilobi jahon tartibotidagi siljishlar bilan birgalikda kechayotganini keltirishimiz mumkin. Sun’iy aql, yashil energiya, nanotexnologiya va shu kabi o’zgarishlarni belgilab beruvchi texnologik hamda texnik jarayonlar markazi sifatida Xitoy shakllanmoqda.
Xitoyning geosiyosiy kayfiyatining tahlilini alohida mavzuga qoldiradigan bo’lsak va innovatsion yutuqlar borasida ko’rib chiqadigan bo’lsak, O’zbekistonning yaqin qo’shnisidan texnologik yutuqlarni olish imkoniyati oshadi. Tahlilchilarning fikricha, iqtisodiyotdagi “Spillover effect” o’ziga yaqin bo’lgan hududlar taraqqiyotini 0.7%gacha oldinga siljishiga yordam berishi mumkin.
Davlat oldidagi vazifa sifatida esa, litsenziyalar, patentlar, bojxona siyosati va sanoat zonalari bilan bog’liq bo’lgan siyosatlarni muvofiqlashtirish paydo bo’ladi.
To’rtinchi sanoat inqilobining yakuniy va eng muhim omili — bu dastlab keltirib o’tganimiz texnologiyaning yangi turlarini ixtiro qilish, rivojlantirish va unan samarali foydalanish bosqichidir.
Buning eng avvalo yuqoridagi ikki omildan to’g’ri foydalana bilish hal qiluvchi o’rin tutadi. Yangi avlodga zamon talabiga mos ta’lim berish, ichki va tashqi iqtisodiy faoliyatda adolatli qoidalar o’rnata bilish yangi sanoat o’zgarishlaridan so’ng “taraqqiyot poyezd"iga chiqib olish yoki kechikish natijalarini belgilab beradi.
Hozirgi davrda eng katta imkoniyat ham yetakchi davlatlar orasida sun’iy aqldan qanday foydalanish borasida kelishuv va bitimlarning mukammal, yakunlovchi shakllantirilmaganligidir.
Ya’ni rivojlanayotgan davlatlarning to’rtinchi sanoat inqilobi texnologiyalaridan foydalanish jarayoniga qo’shilish borasida huquqiy to’sqinliklar mavjud emas.
Qiyoslash uchun yadrodan foydalanish borasida xalqaro huquq normalari shakllangach, bu jarayonga qo’shilish qiyin bo’lganligini kuzatishimiz mumkin. Shunday ekan, O’zbekiston ichki va tashqi imkoniyat beruvchi omillardan unumli foydalana olishi kerak bo’ladi.