O’zbekistondagi Amerika elchixonasi AQShda magistratura o’qish uchun to’liq grant dasturini e’lon qildi.
“Fulbright” ta’lim granti dasturi 2022−2023-o'quv yili uchun magistratura darajasiga hujjatlar qabulini boshladi.
Barcha xarajatlar to’liq qoplanadigan va oylik stipendiya to’lanadigan bu dastur doirasida tibbiyotdan tashqari istalgan soha bo’yicha o’qish mumkin. Bakalavrni tibbiyot yo’nalishida o’qiganlar biologiya, kimyo, jamoatchilik sog’ligi (Public Health), shifoxonalar boshqaruvi kabi sohalarga hujjat topshirishi mumkin.
Hujjat topshirish uchun asosiy talablar:
- O’zbekiston fuqarosi bo’lish va hujjat topshirish hamda qabul jarayonida shu mamlakatda bo’lish;
- Bakalavr darajasiga ega bo’lish;
- Kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo’lish.
TOEFL yoki IELTS topshirgan bo’lishingiz shart emas, lekin sizni so’nggi bosqichda nomzod sifatida qabul qilishsa, TOEFL topshirishingiz kerak bo’ladi. Test harajatlari AQSh elchixonasi tomonidan qoplanadi. IELTS qabul qilinmaydi. IELTS topshirganlardan qayta TOEFL topshirish talab qilinadi.
Allaqachon magistratura darajasini bitirganlar yoki hozir shu daraja uchun o’qiyotganlar ham hujjat topshirishi mumkin.
Hujjatlar internet orqali quyidagi manzildan topshirilishi kerak
Hujjat to’ldirish bo’yicha batafsil qo’llanma esa shu yerda. Hujjat topshirish bo’yicha so’nggi kun: 2021-yil 5-iyun
Qabul jarayoni:
Avvalo, hujjat topshirganlar orasida minimum talabga javob beradiganlar saralab olinadi. Shundan so’ng maxsus guruh har bir anketani o’rganib chiqib, arizachilarga ball qo’yadi.
Eng yuqori ball olganlar Toshkentdagi AQSh elchixonasiga suhbatga chaqiriladi. Shundan so’ng TOEFTL testi topshiriladi. 2022-yil aprel-iyun oylariga borib g’oliblarga xabar beriladi.