DSQ tomonidan Prezidentning “Elektron tijorat ma’muriyatchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish to‘g‘risida"gi Qarori loyihasining jamoat muhokamasi 2021-yil 7-martda yakunlandi.

Tahliliy ishlar natijasida loyihaga bir qator o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqida DSQ Matbuot xizmati xabar beradi.

Xususan, elektron tijoratni amalga oshirish tartibini erkinlashtirish va aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va natijada aholini ish bilan ta’minlash maqsadida DSQ ishlab chiqilgan loyihaga o‘zini o‘zi band qiluvchi shaxslarga elektron tijoratni amalga oshirish huquqini berish normasini kiritishga qaror qildi.

Masalan, faoliyatni ro‘yxatdan o‘tkazish va amalga oshirish jarayonining soddaligi fuqarolarning xarajatlarini kamaytiradi. Chunki o‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va soliqlarni to‘lash maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetda“birgina tugmani bosish” orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Soliq kodeksining 369-moddasiga asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslarning jami daromadlariga kiritilmaydi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs mehnat stajiga ega bo‘lishi uchun esa bir yilda bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashi lozim. (BHM — 2021 yil uchun 245 ming so‘m.)

Loyihada elektron tijoratni rivojlantirishga qaratilgan bir qator boshqa rag‘batlantirish choralari ham nazarda tutilgan, xususan:

  • elektron tijorat bilan shug‘ullanadigan barcha subyektlarning aylanmadan olinadigan soliq va foyda solig‘i stavkalari elektron tijoratdan olingan daromad miqdoridan qat’i nazar, 50 foizga pasaytiriladi;
  • tovarlar (xizmatlar) elektron savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoshlarga ayrim soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi beriladi.

Avvalroq Spot, elektron tijorat sohasidagi qaror loyihasi bo’yicha kutilayotgan o’zgarishlar haqida ma’lumot bergan edi.