2021-yilning 29-mart kuni dizel yoqilg‘isining ilk partiyasi O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi orqali savdoga qo‘yildi. Bu haqida FNQIZ Matbuot xizmati xabar beradi.

FNQIZ mutaxassislarining ko‘p yillik tajribasi tufayli yangi katalizator GDS qurilmasi reaktoriga Axens kompaniyasi mutaxassislari ishtirokisiz mustaqil ravishda o‘rnatildi.

Keyinchalik tegishli ishga tushirish-sozlash ishlari amalga oshirilgach, sanoat miqyosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek ekologik toza va sifatli “Yevro-4” standartidagi dizel yoqilg‘isi uchun muvofiqlik sertifikati qo‘lga kiritildi.

Ilgari Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan dizel yoqilg‘isi sifati “Yevro-2” standartidan oshmasdi. Ushbu yoqilg‘ining sifatini dunyo standartlariga moslashtirish maqsadida zavodni modernizasiya qilish dasturining birinchi bosqichi doirasida dizel yoqilg‘isini gidrotozalash qurilmasi (GDS) katalizatori Fransiyaning Axens kompaniyasining yangi va ancha zamonaviy katalizatoriga almashtirildi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizasiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.