“Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida"gi Qonun (O‘RQ-680-son, 01.04.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Huquqiy axborot rasmiy kanali xabar beradi.

Qonunga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli bo‘lgan, o‘ziga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi asosida berilgan O‘zbekiston fuqarosi yoki O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxs dehqon xo‘jaligi boshlig‘i bo‘lishi mumkin.

Dehqon xo‘jaligi dehqon xo‘jaligi boshlig‘ining davlat xizmatlari markazlariga shaxsan tashrifi vositasida yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hisobga qo‘yiladi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Shuningdek:

  • davlat boji va yig‘im undirilmaydi;
  • dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda yer uchastkalari beriladi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning asosiy ekindan bo‘shagan qismi 0,06 gektardan 10 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda bir yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) berilishi mumkin;
  • berilgan yer uchastkasidan faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun foydalanilishi kerak;
  • bunday yer uchastkasida 10 boshgacha chorva molni o‘tlatishga yo‘l qo‘yiladi.

Dehqon xo‘jaligi o‘z ixtisoslashuvini, shu jumladan qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari va hajmlarini, ularni yetishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish usullarini mustaqil ravishda belgilaydi.

O‘zi ishlab chiqarayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bozordagi talab va taklif nisbatidan kelib chiqib mustaqil ravishda narxlar belgilaydi.

Shu bilan birga yer uchastkalari maydonlarini ularning roziligisiz maqbullashtirishga (qisqartirishga, o‘zgartirishga va boshqalarga) yo‘l qo‘yilmaydi.