Turizm huquqiy-axborot kanali subsidiyalanadigan mehmonxonalar, ya’ni 3 yulduzli toifa uchun 50 ta xonadan kam bo‘lmagan va 4 yulduzli toifa uchun 100 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega mehmonxonalarni foydalanishga topshirish muddatlari 2023-yil 31-dekabrgacha uzaytirilganligi ma’lum qildi.
Ya’ni, mehmonxonalar shu muddatgacha foydalanishga topshirilgan taqdirda belgilangan tartibda subsidiyalanadi.
Subsidiya olishni istagan investorlar hujjatlarni topshirish sanasida Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi bo‘lmasligi va bankrotlik va tugatish jarayonida bo‘lmasligi talab qilingan.
Ma’lumot uchun: Hukumat qarori bilan Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma асосида qisman moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablag‘ ajratish tartibi haqidagi nizom tasdiqlangan edi.
Unga ko’ra subsidiya bir marta quyidagi miqdorlarda beriladi:
- 3 yulduzli mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 40 mln so‘m;
- 4 yulduzli mehmonxonalarning har bir xonasiga 65 mln so‘m.
Subsidiya ajratish va moliyalashtirish uchun tadbirkorlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga murojaat qilishi lozim.