Red Bull tovar belgisidan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqida Intellektual mulk agentligi telegramdagi rasmiy kanali xabar beradi.

Agentlikning Intellektual mulk himoyasi boshqarmasi tomonidan monitoring ishlari o’tkazilganda mashhur tovar belgisidan huquq egasi ruxsatisiz foydalanilayotgani hamda iste’molchini chalg’itishga olib keluvchi holat aniqlandi.

“M.R.R.” (shartli nom) oilaviy korxonasi “Red Bull GmbH” (Аvstriya) kompaniyasiga tegishli boʼlgan tovar belgisiga adashtirib yuborish darajasida oʼxshash boʼlgan belgidan qonunga xilof ravishda foydalangan holda “Red Bull ENERGY SАNDY” noqonuniy tovar belgili qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish faoliyati bilan shugʼullanib kelgan.

Garchi “Red Bull GmbH” (Аvstriya) kompaniyasi tomonidan 2020-yilning 10-martidan “M.R.R.” oilaviy korxonasi rahbariga nisbatan tovar belgisiga boʼlgan huquqlarini buzishini toʼxtatishni soʼrab bir necha ogohlantiruv xati yuborilganiga qaramay oilaviy korxona murojaatni eʼtiborsiz qoldirgan. Va ogohlantiruv xatiga qaramasdan “M.R.R.” oilaviy korxonasi amalda noqonuniy tovar belgili qandolat mahsuloti chiqarish va sotishni toʼxtatmagan.

“Red Bull GmbH” (Аvstriya) kompaniyasi Oʼzbekiston Respublikasida oʼzining mahsulotlarida qoʼllaniladigan tovar belgilarini Intellektual mulk agentligidan roʼyxatdan oʼtkazib, huquqiy muhofaza olgan
.

Shundan so’ng, “Red Bull GmbH” (Аvstriya) Intellektual mulk agentligiga tovar belgisidan noqonuniy foydalanganlik uchun chora koʼrish yuzasidan yoʼllagan arizasiga binoan huquqbuzarga maʼmuriy javobgarlik masalasini koʼrib chiqishlik uchun bayonnoma tuzilib, Jinoyat sudiga yuborilgan.