UZCARD va HUMO o‘zlarining infratuzilmalarini integratsiyalash haqidagi memorandumni imzoladilar. Shu munosabat bilan to‘lov tizimlari terminallari ikkala turdagi kartalarni ham qabul qila boshlaydi. Bu haqda Uzcard matbuot xizmati Spotga xabar berdi.
UZCARD va HUMO to‘lov tizimlari hamkorlik to‘g‘risida Memorandumga imzo chekdilar. Hujjat O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarni takomillashtirishga hissa qo‘shadigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Imzolangan memorandum doirasidagi ilk loyihaga ko‘ra, kompaniyalar infratuzilmalarining bosqichma-bosqich integratsiyalashuvi bo‘ladi.
“Infratuzilmalarning integratsiyasi karta egalari, banklar va biznes egalariga sezilarli foyda keltiradi. Xaridorlarning savdo nuqtalariga kelgach qaysi terminallardan foydalanish mumkinligi haqidagi o‘ylari yo‘qoladi, tadbirkorlar esa ikkala kartadan to‘lovlarni bitta terminal orqali qabul qilishlari mumkin bo‘ladi. Shuni ta’kidlashni istardimki, UZCARD va HUMO O‘zbekistonning to‘lov xizmatlari bozorida raqobat muhitini yaratishda davom etadi”, — dedi MBPM direktori Shuhratbek Qurbonov.
To‘lov tizimlarining yaqin hamkorligi bozor talablariga tezroq javob berishga va innovatsion yechimlarni yanada samarali amalga oshirishga imkon beradi. 2021-yil oxiriga qadar terminallar ikkala turdagi kartalarni qabul qilishni boshlashi kutilmoqda.
“UZCARD va HUMO o‘rtasidagi hamkorlik moliyaviy xizmatlarni fuqarolar uchun qulayroq va arzonroq qilish, shuningdek, mamlakatning chekka hududlarida ham aholining moliyaviy savodxonligini rivojlantirish va yaxshilashga yordam beradi. Bu, o‘z navbatida, kompaniyalarni yangi texnologiyalarni ishlab chiqishga, to‘lov biznesini rivojlantirishga va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga undaydi. Bundan tashqari, bu halol raqobatni rivojlantirishga va moliyaviy texnologiyalar bozorida yangi ishtirokchilarning paydo bo‘lishiga yordam beradi”, — deya, izoh berdi UZCARD bosh direktori Farrux Ziyayev.
Avvalroq Spot “Uzcard” kartalari orqali transport to’lovini amalga oshirish mumkinligi haqida xabar bergan edi.