Germaniyaning “Audi” avtomobilsozlik kompaniyasi “Q4 E-Tron” va “Q4 Sportback E-Tron” ixcham elektromobil vositalarini namoyish qildi. Bu “Volkswagen” kompaniyasining modulli MEB platformasida yig‘adigan birinchi modellar hisoblanadi, deya xabar bermoqda Audi MediaCenter.

Asosiy komplektatsiyada “Q4 E-Tron” va Q4 “Sportback E-Tron” avtomobillari 100 km/soat tezlikka 9 soniya ichida chiqa oladi, maksimal tezlik esa 160 km/soatni tashkil etadi.

Maksimal komplektatsiyada esa mos ravishda 488 km va 497 km masofani zaryadsiz bosib o‘tishlari mumkin. 100 km/soat tezlikka 6,2 soniyada chiqa oladi, maksimal tezlik — 180 km/soatni tashkil etadi.


Avtomobillar 10,1 dyuymli ekranlar va qo‘shimcha 11,6 dyuymli sensorli ekran, smartfon zaryadlovchi paneli, Apple CarPlay va Android Auto tizimlari bilan jihozlangan. Bundan tashqari, kompaniya Sonos audio tizimini o‘rnatishni ham taklif qiladi.

“Q4 E-Tron” narxi €41 900, Q4 “Sportback E-Tron” esa €43 900 dan taklif qilinmoqda. Mashinalar yozda Germaniyada sotila boshlaydi, 2021-yil oxirigacha Yevropaning boshqa davlatlari va AQShda sotuvlar boshlanadi. Kompaniya hali AQSh uchun narxlarni oshkor qilmadi.

Yangi modellar “Audi” uchun juda katta elektromobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lish yo‘lida yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Kompaniya 2020-yil davomida 50 mingga yaqin “E-Tron” va “Sportback E-Tron” avtomobillarini yetkazib bergan.

Avvalroq Spot dunyodagi eng tez quvvatlanuvchi 5 ta elektromobil haqida ma’lumot bergan edi.