“UzAuto Motors” AJ iste’molchilar ehtiyojlarini aniqlash va ichki bozordagi talabni o‘rganish maqsadida “Chevrolet Onix” va “Tracker” avtomobillari bo‘yicha “Car Clinic” tadqiqot loyihasini o‘tkazdi, bu haqda kompaniya o‘zining veb-saytida xabar qoldirgan.

Turli soha vakillari va blogerlar ishtirokidagi tadbir Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida bo‘lib o‘tdi.

Loyiha doirasida ushbu avtomobillar tadbir qatnashchilari tomonidan “Test drive” qilindi, hamda sinovdan o‘tayotgan modellar yuzasidan uning dizayni, qulayligi va boshqa ko‘plab jihatlarini o‘rganishga qaratilgan maxsus so‘rovnoma o‘tkazildi.

Ishtirokchilardan olingan so‘rovnomalar natijasi O‘zbekistonda seriyali ishlab chiqarilishi kutilayotgan avtomobillarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishiga asos bo‘ladi.

Chevrolet Onix joriy yilning fevral oyida konteynerlarda olib kelinayotganligi aholi orasida ko’plab shov-shuvga sabab bo’lgan edi. Bu savollar yuzasidan “O'zavtosanoat” Spotga ma’lumot qoldirdi.

“O'zbekistonga olib kelinayotgan Chevrolet Onix avtomobillari batafsil o’rganish uchun bir necha nusxada sotib olingan tajriba namumalari hisoblanadi” — deya tushuntirish berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, yangilangan “Chevrolet Tracker” joriy yil boshidan O‘zbekiston ichki bozorida sotuvi e’lon qilingan edi. Ilk sotuv kunining o‘zidayoq avtomobillarning birinchi partiyasi to‘liq sotildi. Ushbu avtomobillarning ishlab chiqarilishi Asaka shahridagi “UzAuto Motors” kompaniyasining zavodida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.