2021-yilning birinchi choragida Xitoy iqtisodiyotidagi o‘sish surati 18,3% ni tashkil etdi. Biroq ichki iste’mol darajasi pastligicha qolmoqda, bu esa bir qator muammolarga olib kelishi mumkin, deya xabar bermoqda “VTimes”.
Ushbu ko‘rsatkich birinchi navbatda Xitoy mahsulotlariga, shu jumladan elektronika va mebellarga bo‘lgan global talabni ta’minladi. Bundan tashqari, keng ko‘lamli infratuzilma loyihalari va ko‘chmas mulkka investisiyalar iqtisodiy faollikning o‘sishiga yordam berdi.
Xitoy Xalq Respublikasi Milliy statistika byurosining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning yanvar-mart oylarida iste’mol tovarlarining chakana savdosi o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 33,9% ga, onlayn sotuvlar esa 29,9% ga o‘sgan. Shu bilan bir qatorda, sanoat ishlab chiqarish hajmi ham 14% lik o‘sishga erishgan.
Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, kelajakda Xitoy iqtisodiyoti faqat ushbu segmentlar hisobiga tiklana olmaydi. Prognozlarga ko‘ra, Xitoy eksportiga bo‘lgan talab 2021-yil oxiriga qadar pasayib ketishi mumkin.