Farg‘onada elektromopedlar soni ortib bormoqda. Boshqarishga qulay mazkur ulovning ehtiyot qismlari Xitoydan keltirilib, Rishtondagi “Start-Max” mas’uliyati cheklangan jamiyatida foydalanish uchun tayyor holga keltirilmoqda. Bu haqda “Uza” AA xabar beradi.
Hozirgacha ana shunday elektromopedlarning 300 ga yaqini savdoga chiqarilgan.
“Rishtonda kulolchilik rivojlangan. Deyarli har bir oilaning kulolchilik buyumlarini savdo do‘konlariga sifatli va tez yetkazib berishda mana bunday elektromopedlarga ehtiyoji bor. Qulayligi shundaki, 3 ming so‘mlik elektr toki bilan 70−80 km masofani bosib o‘tish mumkin. Ikki kishiga mo‘ljallangan elektromopedlar lyuk, ventilyator, magnitofon bilan jihozlangan bo‘lib, haydovchiga yengillik yaratadi. Narxi akkumulyatorining soniga qarab 12 milliondan 20 milliongacha borishi mumkin”, — deydi korxona rahbari Saidahmad Akbarov.
Elektromobillarni yig’ish jarayonida hozirga kelib 30 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan. Joy muammolari hal etilgan ishchi o’rni yana 100 taga ko’payishi aytilmoqda.