“Ipoteka-bank” aksiyadorlik-tijorat ipoteka banki Respublikamizdagi korporativ emitentlar orasida birinchi bo‘lib obligatsiyalarni milliy valyutada yopiq obuna usulida xalqaro kapital bozoriga muvaffaqiyatli tarzda chiqarish va joylashtirishga erishdi.
Xususan, joriy yilning 16 aprel kuni Ipoteka-bankning 3 yillik 785 milliard so‘m (75 million AQSH dollari ekvivalenti) miqdoridagi yevroobligatsiyalari xalqaro Vena fond birjasida yillik 16% (16,5% effektiv) kupon stavkasi asosida muvaffaqiyatli joylashtirishga erilishildi.
Foto: “Ipoteka-bank” matbuot xizmati
Xalqaro obligatsiyalarning milliy valyutadagi debyut emissiyasi xalqaro miqyosda tan olingan J.P. Morgan (AQSH) anderrayting banki va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda amalga oshirildi.
Bank tomonidan milliy valyutadagi xalqaro yevroobligatsiyalarning muvaffaqiyatli joylashtirilishi xalqaro kapital bozoriga qimmatli qog‘ozlarini chiqarishni rejalashtirgan boshqa salohiyatli emitentlarning ham ishtiyoqini oshiradi va natijada chet eldan valyuta xatarlari kam bo‘lgan milliy valyutadagi uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar jalb qilinishiga keng yo‘l ochadi.
Ma’lumot uchun, ilk marotaba, 2020 yilning noyabr oyida, Ipoteka-bankning 300 million AQSH dollari miqdoridagi yevroobligatsiyalari xalqaro London fond birjasida ro‘yxatdan o‘tkazilib muvafaqqiyatli joylashtirilgan edi.