Mercedes-Benz 2021-yil oxiriga qadar sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan yangi EQS elektromobilining onlayn taqdimotini o‘tkazdi. Bu haqda kompaniya o‘zining veb-saytida ma’lum qilgan.
Mercedes-Benz EQS ning asosiy versiyasidagi mashina 331 ot kuchiga ega elektr dvigatelli bo‘lib, avtomobil 100 km/soatga 6,2 soniyada chiqa oladi. Bundan tashqari, umumiy quvvati 524 ot kuchiga teng ikkita dvigatelli versiya ham mavjud. Bunday avtomobil 100 km/soat tezlikka chiqish uchun 4,3 soniya sarflaydi.
Elektromobilda batareyani 15 daqiqada to‘ldiradigan tezkor quvvatlagich ham mavjud bo‘lib, bu quvvat bilan mashina 300 kilometr masofani bosib o‘ta oladi.
Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, sun’iy intellektli mashina haydovchiga rulni qo‘yib yuborish, elektron pochta xabarlarini tekshirish va xabarlarga javob qaytarishi imkoniyatini beradi.
Mercedes-Benz EQSning dunyo bo‘yicha sotuvi 2021-yilning kuzida boshlanadi. Avtomobillarning rasmiy narxi keyinroq e’lon qilinadi. Asosiy versiyadagi elektromobil kamida $110 mingga tushishi taxmin qilinmoqda.