Apple kompaniyasi App Store do‘koniga AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp tarafdorlari orasida mashhur bo‘lgan “Parler” ijtimoiy tarmog‘ining ilovasini qaytarishga qaror qildi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

Mazkur ijtimoiy tarmoq App Store-dan zo‘ravonlikni rag‘batlantiruvchi, turli etnik guruhlar va irqlar o‘rtasida muammo keltirishi mumkinligi sabab olib tashlangandi.

Apple shuni ta’kidladiki, ijtimoiy tarmoq olib tashlanganidan beri kompaniya rahbariyat bilan keng muzokaralar olib bormoqda va dasturni ko‘rsatmalarga muvofiq qilib, uni onlayn-do‘konga tiklashga harakat qilmoqda. Natijada, “Parler” jamoasi moderatsiyani kuchaytirishga rozi bo‘ldi. Kompaniyaning o‘zi esa dastur kelgusi haftadayoq AppStore-ga qaytishiga ishonmoqda.