Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-aprel kuni Uzbekistan Airways hamda Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatlarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Uzbekistan Airways kompaniyasi va uning tarkibidagi tashkilotlarda ish o‘rinlarini optimallashtirish, foydalanilmayotgan 12 ta samolyotni tasarrufdan chiqarish, aviachiptalarni xorijda sotish bo‘yicha agentlar komissiyasi foizini tushirish mo‘ljallanmoqda.

Talab yuqori bo‘lgan shaharlarga charter parvozlarni va yangi yo‘nalishlar bo‘yicha kargo tashuvlarini amalga oshirish, barcha mahalliy reyslarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish va joylarni tanlash imkoniyatini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Yangi biznes strategiyasiga ko‘ra, qatnovlar gibrid usulga o‘tkazilib, to‘liq xizmatlar va byudjet xizmatlar modeli bo‘yicha amalga oshiriladi. Talab kam bo‘lgan yo‘nalishlarda biznes klass bekor qilinib, o‘rindiqlar soni ko‘paytiriladi.

Shu yil uchinchi chorakdan boshlab 4 ta A-320 samolyotida loukoster, ya’ni arzon qatnovlar tashkil etish mo‘ljallangan. Uzoq masofali yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun 3 ta A321 NEO LR “havo kemasi"ni lizingga olish, mahalliy aviaqatnovlar sonini haftasiga hozirgi 17 tadan 49 tagacha oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida yuk terminalini barpo etib, Yevropa va Sharqiy Osiyo o‘rtasida tranzit hajmini oshirish, aerovokzal maydonlarini kengaytirish orqali savdo va xizmatlar tushumini ko‘paytirish maqsad qilingan.

Bundan avval Spot Uzbekistan Airways va yana 14 kompaniya IPO o‘tkaziladigan kompaniyalar ro‘yxatiga kiritilgani haqida xabar bergan edi.