Apple ilova ishlab chiquvchilariga yangi talab qo‘ymoqda: endilikda ular ma’lumot to‘plash uchun foydalanuvchilardan ruxsat so‘rashlari talab etiladi. Facebook’ning ta’kidlashicha, yangi o‘zgarishlar reklama kampaniyalarini yo‘naltirish va ularning natijalarini kuzatib borishni cheklashi mumkin.

IOS 14.5 versiyasi chiqarilgandan so‘ng, Apple App Store do‘konidagi ilovalardan foydalanuvchining ma’lumotlarini kuzatib borish uchun ruxsat so‘rashni boshlaydi. Ijtimoiy tarmoq, shundan keyin, foydalanuvchilardan yig‘adigan ma’lumotlarning hajmini minimallashtirish uchun maxfiylikni oshiruvchi texnologiyalarga sarmoya kiritayotganini aytdi.

Apple va Facebook dekabr oyidan beri reklama masalasida bahslashib kelmoqda. O‘zgarishlar tufayli Facebook o‘z hamkorlarini reklama samaradorligining pasayishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirdi. Bunga javoban Apple ijtimoiy tarmoqni iloji boricha ko‘proq foydalanuvchi ma’lumotlarini to‘plashni xohlaganlikda aybladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Spot Facebook bir qancha ovozli funksiyalarni ishga tushirayotgani haqida xabar bergan edi.