Joriy yilning 23-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi bo’lib o’tdi. Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva byudjet tarmog’idagi muammolar yuzasidan nutq so’zladi.
“O‘tgan yilda 2,5 mingdan ziyod byudjet muassasasida 301 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari talon-taroj qilingan. Narxlarni sun’iy oshirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish holatlari aniqlanganligi tashvishli hol. Korrupsiyaga qo‘l urgan mansabdor shaxslar soni ko‘payib borayotgani (2019-yilda 1 ming 339 nafar, 2020-yilda 1 ming 723 nafar) mazkur illatga qarshi kurashishni yanada kuchaytirishni taqozo etadi”, — dedi Senat Raisi
Tahlillarga ko‘ra, qurilish sohasidagi 44 qonun hujjati ekspertizadan o‘tkazilganda, ularning yarmida (23 tasida) 124 ta; sog‘liqni saqlash sohasidagi 70 qonun hujjatining 19 foizida (13 tasida) 41 ta; Ta’lim sohasidagi 96 qonun hujjatining 18 foizida (17 tasida) 81 korrupsiyaviy omillar aniqlangan.
T.Norboyeva shulardan kelib chiqib, prokuratura mazkur yo‘nalishdagi ishlarda ta’sirchan va qat’iy choralar qo‘llashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga aniq takliflar kiritishi zarurligini ta’kidladi.
Xususan, 5 ming 200 dan ziyod tadbirkor huquqlari buzilgan. Tadbirkorlar manfaatlariga zid keluvchi 350 dan ziyod noqonuniy hujjat chiqarilgan. 24 mingga yaqin tadbirkorning turli yo‘nalishlardagi (kredit, yer, bino, kommunikatsiya, litsenziya) muammolari faqatgina prokuratura organlarining aralashuvidan keyin hal qilingan.
Qishloq xo‘jaligida yerdan samarali foydalanishga yetarlicha e’tibor qaratilmaganligi oqibatida 10 ming gektardan ziyod yer o‘zboshimchalik bilan egallangan. Qariyb 14 ming gektar yerdan maqsadsiz foydalanilgan.
78 ming gektardan ziyod yer qonunga xilof tarzda ajratilgan. Minglab tonna urug‘lik, mineral o‘g‘it, neft mahsulotlari va boshqa resurslar noqonuniy egallangan.