Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida “Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga doir choralar to‘g‘risida"gi Qonun ko’rib chiqildi.
Hozirda mamlakat iste’mol bozorida o‘simlik yog‘iga bo‘lgan yillik o‘rtacha 460 ming tonna ehtiyojning taxminan yarmi import hisobidan qoplanadi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotida ham 2021-yil mart oyida dunyo bo‘yicha o‘simlik yog‘i o‘rtacha narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 86 foizga, joriy yil boshiga nisbatan esa 21 foizga qimmatlashgani qayd etilgan.
Mamlakatimizga 70 foiz kungaboqar yog‘i import qilinadigan Rossiya Federatsiyasida bir tonna kungaboqar yog‘i narxi 2020 yil dekabr oyida o‘rtacha 900 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil mart oyida 1 250 dollargacha yoki 39 foizga oshgan.
Shu bilan birga, Rossiya tomonidan joriy yil 1-sentyabrdan bir yil muddatga kungaboqar yog‘ini eksport qilishda boj to‘lovining joriy qilinishi ham nazarda tutilgan.
Ushbu o‘zgarishlar ta’siri natijasida o‘tgan bir yil davomida mamlakatimizda kungaboqar yog‘i narxi o‘rtacha 38 foizga qimmatlashgan.
Yuzaga kelgan ushbu holatda mamlakatimiz ichki bozorlarida o‘simlik yog‘i narxi keskin oshishining oldini olish maqsadida mazkur Qonun bilan Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritilib, unga ko‘ra 2021-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar:
- mamlakat hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish hamda;
- o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha mablag‘lar aylanmasi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinmoqda.
Qolaversa, 2021-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar bo‘lgan davrda kungaboqar va paxta urug‘lari, kungaboqar yog‘i va paxta yog‘i mahsulotlariga nisbatan mazkur Qonun bilan eksport boji joriy etilmoqda.