2021-yil 27-aprelda O‘zbekiston Respublika Valyuta birjasida (O‘zRVB) o‘tkazilgan elektron savdolarda ilk marotaba 5 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari muomalaga chiqarildi. Ushbu davlat qimmatli qog‘ozlarning o‘rtacha tortilgan daromadligi 12,65 foizni tashkil etib, 5 yillik muddat uchun benchmark yaratildi. Bu haqda Moliya vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Auksion savdolarida umumiy qiymati 100 mlrd. so‘m bo‘lgan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olish uchun dilerlar tomonidan taklifga nisbatan 1,7 barobar ortiq hajmdagi buyurtmalar qabul qilindi.
O‘rta va uzoq muddatli davlat qimmatli qog‘ozlari emissiya qilinishi milliy valyutadagi past xatarli instrumentlarni chiqarish orqali mablag‘larni jalb qilish benchmarki bo‘lib xizmat qiladi, moliyaviy instrumentlarni diversifikasiyalash hamda moliya bozoriga yangi ishtirokchilarni (sug‘urta kompaniyalari va boshqalar) jalb etish uchun zamin yaratadi.
Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzi portfelini diversifikasiyalash va valyuta xatarlarini pasaytirish maqsadida davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish hajmi oshirilmoqda va ichki moliya bozorlarini rivojlantirish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-6207-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2021−2022 yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"da davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish choralari belgilangan.
Davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish borasida Moliya vazirligi bilan AQSh G‘aznachiligi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida AQSh G‘aznachiligining maslahatchilari tomonidan Moliya vazirligiga texnik ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Xususan, Moliya vazirligi tomonidan chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlari hajmi 2018-yilda — 597 mlrd. so‘mni, 2019-yilda 1 550 mlrd.so‘mni, 2020-yilda — 5 024 mlrd. so‘mni va 2021-yil yanvar-aprel oylarida — 1 173 mlrd.so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, davlat qarzi portfelida valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2020 yil noyabr oyida ilk bora so‘mda 2 trln. so‘m miqdorida suveren xalqaro obligasiyalari chiqarildi.
Moliya vazirligi kelgusida ham davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarishda ichki davlat qarzini samarali boshqarish va mahalliy moliya bozorlarini rivojlantirish maqsadlaridan kelib chiqib, moliya bozorlaridagi joriy holat va talabni inobatga olgan holda amalga oshiradi.