Prezident qarori (PQ-5094-son, 28.04.2021 y.) bilan 2021-yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi ma’qullandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar beradi.
Dastur 2021-yilda quyidagilarni amalga oshirishni nazarda tutadi:
- 457 127 ta doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etish;
- 513 575 nafar fuqaro bandligiga ko‘maklashish va ish beruvchilarni rag‘batlantirish.
Shuningdek, 281 ming 289 nafar ishsizlarni bo‘sh va zaxira ish o‘rinlariga ishga joylashtirish belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 2021 yilda aholi bandligiga ko‘maklashish uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya, nafaqalar va mikrokreditlar ajratiladi:
- subsidiyalar ajratish uchun — 92,3 mlrd so‘m;
- ishsizlik nafaqalari to‘lab berish uchun — 65,1 mlrd so‘m;
- kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish xarajatlarini qoplash uchun — 40,6 mlrd so‘m;
- yangi ish o‘rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklariga ajratiladigan resurslar uchun — 125 mlrd so‘m.
Qarorga ko‘ra, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari huzurida faoliyat yuritayotgan vaqtincha bir martalik ish bilan ta’minlash byurolari Kunlik mehnat markazlari sifatida qayta tashkil etiladi.
Markaz ish izlovchilarni ro‘yxatga oladi, ular to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini yuritadi hamda ish beruvchilardan fuqarolarni vaqtincha ishlarga yollash bo‘yicha buyurtmalar oladi.
Markazda vaqtincha ishlarni bajaruvchi shaxslarga ularning doimiy yashash joyidan qat’i nazar (eksterritoriallik tamoyili bo‘yicha), ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan holda bandlik xizmatlari ko‘rsatiladi.