“Neuralink” kompaniyasi direktori Maks Xodak o’z lavozimini tark etdi. Bu haqda u o’zining Twitterdagi akkauntida yozib qoldirgan. Maksning aytishicha u kompaniyadan bir necha hafta oldin ketgan.
“Men endi Neuralinkda ishlamayman (bir necha hafta bo’ldi). U yerda ko’p narsaga o’rgandim va doim kompaniyaning ashaddiy tarafdori bo’lib qolaman” — deydi Maks.
Ishdan ketish sababini Maks ochiqlamagan. Twitter foydalanuvchilari u kompaniyadan erta ketganligi haqida yozib qoldirishgan.
Kompaniya 2016-yilda Ilon Mask va bioinjeneriya sohasidagi boshqa mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan bo’lib, shu vaqtga qadar birorta mahsulot taqdim etmagan.
Startap miya impulslarini uzatish orqali kompyuterni boshqarishga imkon beruvchi asab interfeyslarini rivojlantirish bilan shug’ullanadi. Loyihaning maqsadi — miya va umurtqa pog’onasi shikastlangan odamlarga yo’qolgan qobiliyatlarini qayta tiklashga yordam berish.
2021-yilnng fevral oyida kompaniya maymun miyasiga implantatsiyani joylashtirish bo’yicha muvaffaqiyatli tajriba natijalari bilan o’rtoqlashdi. Keyinroq kompaniya to’qqiz yoshli makaku Pagerning kompyuterda fikr kuchi bilan stol tennisi o’ynashi videosini tarqatgan edi.