Markaziy bank aholini kredit bo‘yicha qarzdorlikni to‘lashda e’tiborli bo‘lishga chaqiradi.
So‘nggi paytlarda ayrim fuqarolar tomonidan kredit to‘lovlarini amalga oshirishda pul mablag‘larini bank kassasiga topshirmasdan, naqd shaklda bank xodimining qo‘liga berish yoki bank kartasi orqali bank hisobvarag‘iga emas, balki bank xodimi tomonidan ko‘rsatilgan (o‘zining yoki boshqa shaxslarning) bank kartasiga o‘tkazib berish holatlari kuzatilmoqda.
Qayd etish joizki, qarz oluvchi tomonidan hech qanday hujjatlarsiz va og‘zaki kelishuv asosida pul mablag‘larini boshqa shaxslarning qo‘liga topshirilishi yoki bank kartasiga o‘tkazilishi, yuridik jihatdan, qarz oluvchining bank oldidagi kredit majburiyatlari bajarilganligini anglatmaydi.
Aksincha, kredit to‘lovi uchun boshqa shaxslarning qo‘liga topshirilgan yoki bank kartasiga o‘tkazib berilgan ushbu mablag‘lar keyinchalik bankka kirim qilinmasa, bank bilan qarz oluvchi o‘rtasida turli nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati kredit to‘lovlarini istalgan tijorat bankining kassa bo‘linmasi orqali yoki masofadan turib banklar va boshqa to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalaridan foydalangan holda, kredit (qarz) bergan bankning hisobvarag‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirishni tavsiya etadi.
Fuqarolar tomonidan mazkur tavsiyalarga amal qilinishi kelgusida kredit to‘lovlarining to‘lanishida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli noxush holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.