Butun mavsum davomida tomorqada yetishtirilgan, yangi uzilgan sabzavotlarga boʻlgan talab yuqori boʻlib kelgan. Yozda mahsulotlar oʻzining xilma-xilligi bilan rastalarda tursa, qishki mavsumda ularni sotib oladigan asosiy xaridorlar — oziq ovqat tayyorlash korxonalari, restoranlar va ovqatlanish shoxobchalari boʻladi.

Bunday vaziyatda issiqxona sharoitida yetishtirilgan sabzavotlar narxi ham keskin oshadi. Spot, mahalliy sharoitda (asosan, qishloq xoʻjalik) issiqxona va tomorqada daromadli biznes-rejani amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar taqdim etadi.

Tomorqa xo‘jaligi — tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi va tomorqa xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi.

Tomorqa xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish (qayta ishlash) bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshiruvchi shaxs aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olishi mumkin.

Agar siz yakka tartibdagi tadbirkor sifatida mehnat faoliyatini boshlayotgan bo‘lsangiz Yagona portalning tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish moduli orqali amalga oshirishingiz mumkin. Bunda shaxsan murojaat taqdim etilganga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojininng 100% olib qolinadi. Agar elektron shaklda bo‘lsa 90% yechib olinadi.

Mahsulot yetishtirish uchun joy

Sabzavot yetishtirish uchun qishloq sharoiti juda mos keladi. Issiqxonani ochish uchun taxminan quyidagi xarajatlar mavjud:

Xarajatlar nomiSumma (dollar)
Polikarbonat issiqxonasi700
Tizimlar faoliyati***2000
Bog‘ uskunalari100
Transport harajatlari50
Qo‘shimcha harajatlar50
Jami2900

*** Isitish, yoritish, sug‘orish va havo aylantirish uskunlari.


Agar o‘z yashash joyida issiqxona ochish rejalashtirilayotgan bo‘lsa bu harajatlar qisman kamayishi mumkin.

Xarajatlar va foyda

Issiqxonada meva va ko‘katlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish uchun o‘rtacha $3000 sarf qilish talab etiladi. Bu summa shaxsiy yer va qulayliklar mavjudligiga qarab o‘zgarishi mumkin. Oylik tushum o‘rtacha $300 ni tashkil etadi. Bu summa ham mavsumga qarab o‘zgarib boradi. Biznesni yo‘lga qo‘ygandan keyin 11 oy ichida sof foydaga chiqiladi.

Shu bilan birga, Prezidentning “Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga binoan yuridik shaxslar zamonaviy issiqxona komplekslari, ularning butlovchi qismlari va gofrlangan karton idish ishlab chiqarishda foyda soligʻi, yagona ijtimoiy toʻlov va QQSdan ozod etiladi va boʻshab qolgan mablagʻlar ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlash, modernizatsiya qilish va rivojlantirishga maqsadli yoʻnaltirilishi belgilab berilgan.


Shuningdek, dastlabki investitsiyadan tashqari oylik xarajatlar ham mavjud. Bunda urug‘lar olib kelish, tabiiy o‘g‘itdan foydalanish, sabzavotlarni dorilash va boshqa zaruratlar o‘rtacha $460 ni tashkil etadi.

Yetkazib beruvchini tanlash

Agar biznes qishloq xo‘jaligida tashkil etilayotgan bo‘lsa, sabzavot va boshqa mahsulotlar uchun urug‘larni tekshirilgan va sinovdan o‘tkazilgan shaxslardan olish lozimdir.

Agar urug‘lar tadbirkorning o‘zida mavjud bo‘lsa, ular uchun ortiqcha xarajat qilish talab etilmaydi. Faqatgina yerlarning unumdorligini oshirish uchun kompleks mineral o‘g‘itlarni yerga biriktirish tavsiya etiladi.

Issiqxona qurilishida yuqori hosildorlikning muhim tarkibiy qismi tuproqning ozuqa moddalari bilan to‘yinganligi hisoblanadi. Organik moddalar bilan oziqlantirishga qo‘shimcha ravishda, mineral o‘g‘itlar ham issiqxonada ekinlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Istalgan va prognozli natijaga erishish uchun oʻsimlikning maʼlum bir rivojlanish bosqichida va kunning vaqtini hisobga olgan holda toʻgʻri kontsentratsiyada suyultiriladigan kerakli gormon berilishi kerak. Shuni unutmangki, turli ekinlar uchun qayta ishlash uchun mos boʻlgan vaqt ham teng emas.


Ishchilar tarkibi

Dastlabki davrda issiqxonada tomorqa xoʻjaligi yuritiladigan boʻlsa oila aʼzolari bilan birgalikda hosil yigʻib olish va sotish ishlari amalga oshirilishi mumkin. Agar yakka tartibdagi tadbirkor boʻlsa unda qoʻl ostida 4 tagacha xodimni ish bilan taʼminlashi mumkin. Meva-sabzavotlar yetishguncha nazorat ishlari uchun issiqxona maydoniga qarab 2 ta ishchini yollash mumkin. Mevalar yetilgach hosil miqdoriga qarab doimiy va kunlik shartnoma asosida ishlovchi xizmatchilarni jalb qilish mumkin boʻladi.

Ularning mehnat haqini kelishilgan usulda mahsulotning oʻzi yoki naqd koʻrinishida toʻlash mumkin.

Xulosa

Issiqxona biznesini tashkil etish orqali siz nafaqat daromadga ega boʻlasiz, balki bu biznesni kengaytirish borasida tajriba ham orttirasiz. Eng muhimi, yurtimiz bozorlarida bu yoʻnalishga talab katta. Boshlanishiga maʼlum yoʻnalishdagi mahsulotlarni, keyinchalik esa noyob turdagi isteʼmol mahsulotlarini ham yetishtirishingiz mumkin boʻladi.