Clubhouse blogida yozilishicha, 9-maydan boshlab AQShdagi foydalanuvchilarga dasturning Android versiyasi taqdim etildi. Bir necha hafta ichida ilovadan boshqa inglizzabon mamlakatlar va dunyoning qolgan qismi ham foydalanishi mumkin boʻladi.
“Bizning rejamiz — kelgusi bir necha hafta ichida foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarni toʻplash, har qanday muammolarni hal qilishdan iborat. Bundan tashqari, dasturni dunyoga tarqatishdan oldin toʻlovlar va „xonalar“ kabi bir nechta funksiyalarni qoʻshishni ham maqsad qilganmiz”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Eslatib oʻtamiz, kompaniya ommaga Android dastur toʻgʻrisida 2021-yilning yanvar oyida maʼlum qilgandi. Aprel oyida esa ilovaning ilk skrinshotlari payda boʻldi. May oyining boshlariga kelib, Clubhouse Android dasturini sinovdan oʻtkazishni boshladi.