Anglesey food (korzinka.uz, RedTag, Flo) korxonalar oilasi va TEAM Universiteti taʼsischilaridan biri Zafar Hoshimov Hikmat Abdurahmonovning “Biznes nonushta” koʻrsatuvida kadrlar muammosi, oliy taʼlim va bitiruvchilarning saviyasi haqida toʻxtalib oʻtdi.

“Yaqin kelajakda universitetlardan tayyor, kutilganidek kadrlar yetishib chiqadi, bunga imkon bor. Masala shundaki, ana oʻsha imkon darajasi qachon aniq bir faktga aylanishi noaniq. Afsuski, bugungi kunda menga savol bilan murojaat qilib, kompaniyangiz talablariga toʻliq javob bera oladigan kadr tayyorlab beruvchi universitet bormi, desa javob bera olmayman”.

Hoshimovning taʼkidlashicha, xorijdagi koʻplab OTMlarning berayotgan diplomlariga ishonch bor, chunki ularning bitiruvchilari ham boshqacha taʼlim olgan boʻladi. Bunday oliygoh rahbariyati ham oʻz bitiruvchilariga jiddiy eʼtibor beradi, sababi ular oʻzlarining brend obroʻsi tushib ketmasligini oʻylaydi.

“Bizda qiziq holat bor. Aytaylik, MDISga 40 ta talaba kirdi. Oʻqishning ilk kunida ularga „Hurmatli talabalar, bizda sizning kursingiz uchun 20 ta diplom bor, siz esa 40 tasiz. 4-kursdan keyin faqatgina eng yaxshi oʻqigan 20 ta bitiruvchiga diplom beramiz, qolgan talabalarga esa shu yerda oʻqiganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma tayyorlab beramiz“, desa. Mana shunda haqiqiy raqobat boʻladi”.

Tadbirkorning taʼkidlashicha, bu holatda talabalar oʻsha kuchli 20 talikka kirish uchun kurashadilar. Va ish beruvchilar ham ana oʻshanday diplomli bitiruvchilarni hech ikkilanmasdan ishga qabul qilishadi.

“Bugungi kunda Oʻzbekistondagi hech qaysi OTM bitiruvchilarini shunday „koʻr-koʻrona“, diplomiga qarab ishga ololmayman. Afsuski, bu ayanchli holat”.

Shuningdek, u Oʻzbekistondagi OTM rahbarlariga maslahat bera olmasligi, lekin bitiruvchilarga ish beruvchi sifatida talablarini aytishi mumkinligini qoʻshimcha qilgan.