12-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida birinchi yarim yillikda eksport hajmini 5,2 milliard dollarga yetkazishni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bunda Bosh vazir o‘rinbosari Sh.G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xo‘jayev viloyat hokimlari bilan birga, yanvar-aprel oylarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha bajarilmagan 169 million dollar o‘rnini ikkinchi chorakda to‘liq qoplashi kerak.

“O‘zstandart” agentligi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga may-iyun oylarida kamida 10 ta to‘qimachilik korxonasida “Oeko-Tex” standartlarini joriy etib, yil yakuniga qadar standartlarni 50 taga yetkazish kerakligi ta’kidlandi.

“Standartsiz endi bironta tarmoq, korxona, viloyatning o‘zida laboratoriyalari bo‘lmasa eksport qilolmaymiz, jahon bozorida raqobat kuchayib borayapti”, — deb qayd etdi Prezident.

Mutasaddilarga ikki oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, “BSI”, “SiYe”, “Global G.A.P” kabi xalqaro standartlar bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqib, mahalliy korxonalar mutaxassislarini joylarda o‘qishini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.