15-may kuni “Tyanven-1” apparati Xitoyning Marsni tadqiq qilish boʻyicha birinchi missiyasi doirasida Marsning Utopiya tekisligi janubidagi oldindan rejalashtirilgan joyga muvaffaqiyatli qoʻnishni amalga oshirdi. Bu haqda “Sinxua” agentligi xabar bermoqda.
Agentlik xabar berishicha, kosmik kema taxminan yetti oylik sayohatdan soʻng fevral oyida Mars orbitasiga kirgan va ikki oydan koʻproq vaqt davomida qoʻnish mumkin boʻlgan joylarni oʻrganish bilan shugʻullangan.
Missiyadan koʻzlangan maqsad Marsda hayot boʻlishi mumkinligi ehtimollarini tekshirish. Shuningdek, toʻplagan maʼlumotlar olimlarga bu sayyoradagi shart-sharoit kelgusida odamlar yashashi uchun qulay boʻlishi mumkin yoki yoʻqligini oʻrganishda qoʻl keladi.
Mazkur marsoxod quyosh energiyasi bilan ishlaydi. Unga suratga olish, navigatsiya, tuproq namunalarini tahlil qilish, suv va muz izlashga moʻljallangan qismlar biriktirilgan. Missiya 90 Mars sutkasi davom etishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot, Xitoy orbitaga birdaniga to‘qqizta sun’iy yo‘ldoshini o‘rnatganligi haqida xabar bergan edi.