“Asaxiy” kompaniyasi asoschilaridan biri Firuz Allayev ayni paytda kompaniyasining intellektual mulkiga zarar yetayotgani, koʻplab mahsulotlari soxtalashtirilib, sotuvga chiqib ketayotganligi haqida maʼlum qildi.
“Oʻzbekistonda kitobxonlikni shakllantirish uchun bir necha milliard soʻm mablagʻ evaziga „Asaxiy Books“ loyihasiga asos solgan edik. Biroq ushbu loyihani ishga tushirgach, katta muammolarga, jumladan, kontrafakt, yaʼni mualliflik huquqini buzgan holda mahsulotlarimizni koʻchirib, sotuvga chiqarib yuborish holatlariga duch keldik. Bunday harakatlar biz va bizga oʻxshagan tadbirkorlar uchun jiddiy zarar yetkazadi” , — dedi Allayev.
Tadbirkorning soʻzlariga koʻra, Uolter Ayzeksonning “Stiv Jobs” asarini oʻzbek tiliga tarjima qilish va uni bosib chiqarishda kompaniya uchun 250 million soʻmga tushgan. Biroq ayrim shaxslar bu asarni noqonuniy yoʻl bilan chop etib, sotuvga chiqarib yuborishgan.
Shuningdek, Allayev mazkur kitob butun boshli jamoaning bir yillik mehnati ekanligini, yurtdoshlarimizdan “soxta” kitoblarni xarid qilmaslikni va ana shunday kitoblar sotilayotganiga guvoh boʻlishsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali kompaniyaga murojaat qilishlarini soʻragan.