Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) tomonidan 2021-yil 5-apreldan 12-mayga qadar Oʻzbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan narxlarning viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha oʻzgarish tahlili amalga oshirildi.
Soʻnggi paytlarda oʻsimlik yogʻining narxlari konyukturasi hukumat va jamoatchilik diqqat markazida boʻlib kelmoqda. Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, hafta oxiriga kelib respublikada bir litr oʻsimlik yogʻining oʻrtacha narx 0,4% ga pasayib, 19034 soʻmni tashkil etdi. Oʻrtacha narxlar diapazoni Andijon viloyatida bir litr uchun 17110 soʻm, Toshkent shahrida 20440 soʻmgacha boʻlgan oraliqda oʻzgarib bordi.
11 ta viloyatda oʻsimlik yogʻi narxlarining pasayishi kuzatilmoqda, eng yuqorisi Xorazm (1,3% ga), Buxoro (0,9% ga) viloyatlarida va Toshkent shahrida (0,8%) qayd etildi.
Tumanlar tarkibida oʻsimlik yogʻi narxining bir litri uchun eng katta pasayish Shahrixon (5%), Xiva (5%), Oqqoʻrgʻon (4,8%), Qibray (4,6%), Ulugʻnor (4,3%), Zarbdor (4,3%) tumanlarida kuzatildi.
Hafta davomida narxlar faqat 3 ta viloyatda oshdi, ulardan eng balandi Qashqadaryo (0,2% ga), Toshkent (0,1% ga), Fargʻona (0,02% ga) toʻgʻri keladi.
Avvalroq Spot, oʻsimlik yogʻini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchilar QQSdan ozod etilishi haqida xabar bergan edi.