Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-may kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.
Prezident tomonidan sohadagi vazifalar 5 ta yo‘nalishda ko‘rsatib o‘tildi.
- birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish.
- ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash.
- raqamlashtirish orqali sohada qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish.
- tibbiyotning barcha yo‘nalishlarida raqobatni rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish.
- tibbiyot xodimlari bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish.
Mamlakatda 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasasi bo‘lib, ularning faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. 423 ta birlamchi tibbiyot muassasasi “Elektron poliklinika” axborot tizimiga ulangan.
Lekin yangicha ishlash uchun hamma joyda ham sharoit zo‘r emas. Ayrim tibbiyot muassasalarida kompyuter yetishmaydi. Sohani raqamlashtirish uchun bu yil byudjetdan 28 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlar sust kechmoqda.
Shu bois, viloyat tibbiyot boshqarmalarida raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi tashkil etilishi belgilandi. Shuningdek, barcha tibbiyot muassasalarida elektron tizim bilan ishlaydigan 2 mingta operator-hamshira vazifasi joriy etiladi.
Shu yil 1-avgustga qadar elektron order tizimini ishga tushirib, barcha hududlar va ixtisoslashgan markazlarni ulash, 1-noyabrga qadar Toshkent shahridagi barcha poliklinikalarni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.