Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishi agentligining xabar berishicha, 2020-yil davomida yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni sotish holatlari boʻyicha 157 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ushbu murojaatlarda muddati oʻtgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari isteʼmolchilar tomonidan xarid qilingani aniqlangan. Holatlarning katta qismi Toshkent shahri hissasiga (94ta) toʻgʻri keladi.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi qonun 11-moddasiga koʻra, sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan yoki yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etilishi belgilangan.
Yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilishi shartligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik -huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi oʻrnatilgan.
Agentlik tomonidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida"gi qonuni loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, hozirda u Qonunchilik palatasida ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilmoqda.
Qonun loyihasida normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan, yaroqlilik muddati oʻtgan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan, shuningdek qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari (12250000 soʻm) miqdorida moliyaviy sanksiya qoʻllash koʻzda tutilgan. Mazkur moliyaviy sanksiya maʼmuriy jarima qoʻllanilishidan qatʼiy nazar tadbirkorlik subyektiga nisbatan qoʻllaniladi.