Google tijorat va ilmiy ishlar uchun kvant kompyuterini yaratishga “milliardlab dollar” sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniyadagi Quantum AI dasturini boshqaruvchi Xartmut Neven maʼlum qilgan.
“Kvant hisoblashlari tub oʻzgarishlarni anglatadi, chunki u tabiiy dunyoni yaxshiroq tushunish uchun kvant mexanikasining xususiyatlaridan foydalanadi”, — dedi kompaniya bosh direktori Sundar Pichai konferensiyada.
Tijorat maqsadlarida hozircha kvant kompyuterlar mavjud emas. Google kompaniyalar va olimlarga tajriba sifatida hozirgacha oʻzining dastlabki texnologiyalaridan foydalanishni taklif qilmoqda.
Katta hisob-kitoblarni tez va xatosiz bajarish uchun tizim yuqori kubitli (kvantli kompyuterda maʼlumotlarni saqlash birligi) sistemaga ega mashina kerak boʻladi. Google hisob-kitoblarning aniqligini oshirish uchun kompyuterning harorati va boshqa xususiyatlar ustida ish olib bormoqda.
Maʼlumot uchun, Googleʼning kvant hisoblash kampusi 2020-yilda qurilgan. Unda kvant maʼlumotlar markazi, tadqiqot laboratoriyalari va chip ishlab chiqarish ustaxonalari mavjud.