Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Poytaxt bank” AJ ustav kapitalidagi 100% davlat aksiya paketlari narxlarini maksimal qiymatda, shu bilan birga kelgusida bankning moliyaviy holati barqarorligini oshirish va rivojlantirish shartlari bilan ommaviy savdolar orqali sotish rejasini eʼlon qildi. Bu haqda agentlik oʻzining veb-saytida maʼlum qildi.
Xabarda aytilishicha, ushbu bitim doirasida xalqaro miqyosida tan olingan konsalting xizmatlari koʻrsatuvchi kompaniyalardan Deloitte kompaniyasi “Poytaxt bank” AJni xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida tanlab olindi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida"gi Qonuniga asosan Bank tasdiqlangan davlat sugʻurta qoʻyilmalari dasturida ishtirok etadi, litsenziyasi bekor qilingan holda ham qoʻyilmalar summasidan qatʼiy nazar, qoʻyilmalar 100% miqdorida qaytariladi.
Xabarda qoʻshimcha qilinishicha, davlat aksiya paketlarini sotishdan asosiy maqsad bankning moliyaviy barqarorligini oshirish va bank tomonidan taqdim etiladigan professional bank xizmatlari turini kengaytirish shu bilan birga, bank sohasiga yoʻnaltirilgan investitsiyalar va kredit liniyalarini jalb qilishdan iborat.
Davlat aksiya paketlarining sotilishi raqobat asosida, barcha manfaatdor ishtirokchilar uchun ochiq ariza topshirish yondashuvi asosida amalga oshirilishi taʼkidlanmoqda. Davaktiv agentligi Konsultant bilan birgalikda bankni sotish jarayonini shaffof, professional va muvaffaqiyatli tashkil etish uchun barcha zaruriy choralarni koʻradi.
Qiziqish bildirgan shaxslar batafsil ma’umot va xarid shartlarini ushbu havoladan bilib olishlari mumkin.