Joriy yilning 17-may kuni “Raiffeisen Research” tomonidan “Oʻzbekiston iqtisodiyotiga nazar: Polsha va Ukraina izidan” nomli tahliliy hisobot chop etildi.
Hisobot mualliflarining fikriga koʻra, keng miqyosdagi islohotlar dasturi ortidan Oʻzbekiston oʻzini Markaziy Osiyoning “Polsha"si sifatida tanitdi. Jahon moliyaviy inqirozi davrida (2008−2009) Polshada boʻlgani kabi Oʻzbekiston ham 2020-yilgi koronavirus pandemiyasi inqirozi sharoitida ijobiy iqtisodiy oʻsishni saqlab qolib, muqarrar iqtisodiy inqirozning oldini olishga erishgan.
Bunga hisobotda quyidagi iqtisodiy faktorlar asos qilib koʻrsatildi:
- Oʻzbekistonda nisbatan yuqori iqtisodiy oʻsish inqirozga qarshi samarali iqtisodiy siyosat natijasi ekanligi;
- Institutsional islohotlarning birinchi bosqichida pul-kredit siyosati va bank tizimi isloh qilinayotgani;
- Islohotlarni amalga oshirish va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda xorijiy investorlar ishtirok etayotgani;
- Xalqaro banklarning Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishi sezilarli darajada ortayotgani.
Shuningdek, hisobotda COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlariga qaramay Oʻzbekiston YAIMning oʻsishi 2016−2022-yillarda oʻrtacha 5% ni tashkil qilganligi taʼkidlangan.
Bu, oʻz navbatida, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi oʻrtacha YAIM oʻsish — 2,5% ga nisbatan yuqori hisoblanadi, deyiladi xabarda.
Ma'lumot uchun, “Raiffeisen Research” — Avstriyaning ikkinchi yirik banki boʻlib, “The Raiffeisen Banking Group"ning tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi. U asosiy faoliyatini Avstriya hamda Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasida olib boradi.