“UzAuto Motors” AJ Xorazm viloyati, Pitnak shahridagi zavodda yangi press-majmuasini ishga tushirdi. Kompaniya ochilish marosimida “Damas” rusumli avtomobilning yangi modellari ham namoyish etdi.

“Mazkur yangi modellar 1−1,5 oydan soʻng sotuvga chiqariladi. Narxlari odatdagi “Damas"lar bilan bir xil boʻladi”, — deydi kompaniya direktori Rustam Rajabov.

Avtomobillar avvalgilaridan rul va oʻrindiqlar tuzilishi, tashqi qiyofasi va yukxonasi bilan farqlanadi. Xabarda aytilishicha, ushbu modellar isteʼmolchilar fikrini oʻrgangan holda ishlab chiqilgan.

Maʼlumot uchun, 2020-yilda “Damas” va “Labo” avtomobillari $7 million miqdorida eksport qilingan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich $10 milliondan oshishi va 2022-yilda $15 millionga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Spot, aprel oyida eng koʻp “Damas” avtomobili ishlab chiqarilgani haqida xabar bergan edi.