Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyevning yozishicha, oʻzbekistonlik tadbirkorlar ham endilikda Amazon elektron tijorat platformasida roʻyxatdan oʻtishlari va undan oʻz mahsulotlarini realizatsiya qilishlari mumkin.

Xabarda aytilishicha, eng avvalo, bu haqda Qozogʻiston savdo va integratsiyalashuv vaziri Baxiyt Sultanov oʻzining Facebookʼdagi sahifasida maʼlum qilgan. U 2020-yil noyabr oyidan buyon Amazon bilan muzokaralar olib borgan va Qozogʻistonni platformaga qoʻshishga erishishgan.

Shuningdek, ular Markaziy Osiyodagi boshqa qoʻshni davlatlarni, jumladan Oʻzbekistonni ham qoʻshishni soʻrashgan. Bu mintaqada umumiy biznes muhitining rivojlanishiga yordam beradi, deb hisoblashgan.

Amazonʼda mahsulotlarini sotish uchun fuqaro Oʻzbekiston hududida yashashi, telefon raqami va xalqaro toʻlov kartasiga ega boʻlishi shart boʻladi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Amazon elektron tijorat platformasida 200dan oshiq mamlakatda yashovchi bir necha yuz million faol xaridor mavjud. Amazonʼning 2020-yildagi jami sotuv hajmi $386,1 milliardni tashkil etgan.