Moliya vazirligi 2021-yilning 1-aprel holati boʻyicha davlat qarzi haqida hisobot berdi. Maʼlum qilinishicha, yanvar-mart oylarida davlat qarzi miqdori $23,2 milliardni yoki YaIMga nisbatan 40,1% ni tashkil etdi va yil boshiga nisbatan $133,7 millionga kamaydi.
Hisobot davrida davlat tashqi qarzi $21 milliardni (YaIMga nisbatan 36,3%) tashkil etdi va yil boshiga nisbatan $73,6 millionga kamaydi. Davlatning ichki qarzi esa $2,2 milliardni yoki YaIMga nisbatan 3,8% ni tashkil etdi va yil boshiga nisbatan $60,1 millionga kamaydi.
Davlat qarzining $133,7 millionga kamayishi, asosan, yangi jalb qilingan qarz mablagʻlarining oʻzlashtirilishiga qaramay davlat qarzi boʻyicha asosiy qarz toʻlovlarining amalga oshirilishi hamda davlat qarz portfeli tarkibidagi valyuta kurslaridagi oʻzgarishlar bilan izohlanadi.
Xususan, joriy yilning dastlabki 3 oyida:
- respublika nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldigʻi $126,2 millionga kamaydi;
- davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldigʻi $52,6 millionga oshdi;
- davlat kafolati ostida jalb qilingan ichki qarz qoldigʻi $73,1 millionga kamaydi;
- davlat qimmatli qogʻozlarini emissiya qilish natijasida yuzaga kelgan majburiyatlar qoldigʻi 135 milliard soʻmga oshdi.
Davlat qimmatli qogʻozlariga xizmat koʻrsatish xarajatlari 1 trillion 36 milliard 300 million soʻmni tashkil etdi. Shundan, asosiy qarz toʻlovlariga 935 milliard soʻm, foiz toʻlovlariga 101,3 milliard soʻm sarflandi.