Oʻzbekiston koronavirusga qarshi kurashish maqsadida Osiyo taraqqiyot bankidan $100 million , Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan $100 million dollar qarz jalb qiladi. Bu 27-may kuni qabul qilingan prezident qarorida belgilandi.
Hujjatga koʻra, qarzlar 10 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga oladi va 30 hamda 40 yilda qaytarish sharti bilan beriladi. Olingan mablagʻlarga texnika va jihozlar, tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalari sotib olinadi, obyektlarda qurilish-taʼmirlash ishlari bajariladi.
Xususan, 2021-yil 1-oktyabrga qadar respublikada tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik bazasini yana-da mustahkamlash uchun 1000 ta tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalari xarid qilinadi. Osiyo taraqqiyot bankidan ajratiladigan kreditning $35 millioni tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalari xaridi uchun yoʻnaltiriladi.
Mazkur kreditlar boʻyicha qarzni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, komission va boshqa xarajatlar boʻyicha toʻlovlar respublika byudjetidan qoplanadi.
Avvalroq Spot, birinchi chorakda O‘zbekistonning davlat qarzi kamayganligi haqida xabar bergan edi.