Spot 2021-yil 1-iyundan biznes va iqtisodiyotning turli sohalarida kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar sharhini taqdim etadi.

Haydovchilik guvohnomalarini olishda xususiy sektor jalb qilinadi

Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlarga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi beriladi.


Aholi va tadbirkorlardan ayrim hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi

Davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlardan quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi:

  • ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • sudlanganlik;
  • manzil-ma'lumot axboroti;
  • fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;
  • turar joyning maydoni;
  • soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
  • soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi;
  • pensiya va nafaqa miqdori;
  • pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
  • nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlari mazkur hujjat va ma’lumotlarni tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.


Pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolarga yanada qulay sharoitlar yaratiladi

Unga ko‘ra:

  • pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;
  • 3 yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinadi;
  • ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi;
  • pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi.

Aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlaridan foydalanishda bir qator qulayliklar yaratiladi

Unga ko‘ra:

  • fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi;
  • notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab qilmasdan, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinadi;
  • tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
  • xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi.

Aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida yaratilgan “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi to‘liq ishga tushiriladi va to‘lovlar belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


Professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga ular ishlab-chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliyot o‘tagan vaqtida, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda professional ta’lim tashkilotlari tomonidan BHMning 2 baravari miqdorida har oylik subsidiya ajratiladi.


Ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadi

Unga muvofiq:

  • fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshirilishi mumkin;
  • subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin;
  • subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali olish mumkin bo‘lgan hujjatlarni (ma'lumotlarni) talab qilish man etiladi;
  • uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnoma ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi.

Soliq qarzini to’lash imkoniyatiga ega bo’lmayotgan tadbirkorlar soliqlarni bo’lib-bo'lib to’lashi mumkin

Unga ko’ra:

  • 3 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to‘lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tadbirkorlarga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash;
  • 3 yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.

YouTube platformasida eʼlon qilinadigan barcha videokliplarga reklamalar joylashtiriladi

Ushbu oʻzgarishlar video blogerlarni hamkorlik dasturiga qoʻshilishlarini qiyinlashtiradi. Oʻz navbatida, tomoshabinlar videolardagi reklamadan xalos boʻlish uchun pulli YouTube Premiumʼga obuna boʻlishga majbur boʻlishadi.